07:01 / 25.10.2015
5778

Jahon banki 2020 yilgacha O‘zbekistonga 4 mlrd dollar taqdim qilishi mumkin

Jahon banki 2020 yilgacha O‘zbekistonga 2016-2020 yilga mo‘ljallangan hamkorlikning yangi strategiyasi doirasida 4 mlrd dollarlik kreditlar taqdim qilishi mumkin. Bu haqda jurnalistlarga Jahon banki loyihalari portfeli bo‘yicha yetakchi koordinator Dinara Jo‘ldosheva ma'lum qildi.  

Yangi strategiya doirasida bank 25 ta, ya'ni yiliga 5 tadan loyihani amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Yangi strategiya JB direktorlar kengashi tomonidan 2016 yil yanvarda ko‘rib chiqiladi.

Mablag‘larning katta qismi infratuzilmani rivojlantirish, O‘zbekiston aholisi uchun yangi ish o‘rinlarini yaratish va agrar tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlash uchun yo‘naltiriladi.  

Ayni paytda JB va O‘zbekiston 2012-2015 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi doirasida hamkorlik qilmoqda. JB bu dastur uchun 1,97 mlrd dollar ajratgan. Hamkorlik dasturi doirasida kreditlash Xalqaro taraqqiyot uyushmasining (JB guruhiga kiradi) 40 yillik muddatga (10 yillik imtiyozli davr, yiliga 0,75 foiz stavkasi bilan) mo‘ljallangan mablag‘lari hisobiga amalga oshiriladi.   

O‘zbekiston 1992 yildan beri JB a'zosi hisoblanadi. Bank hammasi bo‘lib O‘zbekistonga xususiylashtirish, moliyaviy tarmoq, qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish, elektr energetika, ijtimoiy infratuzilmani yaxshilash, sog‘liqni saqlash, ta'lim sohalariga 1,8 mlrd dollarga yaqin kredit bergan.

Top