00:20 / 25.10.2015
3463

Kerri: Iordaniya va Isroil Quddusda keskinlikni kamaytirish choralari haqida kelishib oldi

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Iordaniya va Isroil Quddusda Muqaddas tog‘ hududidagi keskinlikni kamaytirish choralarini ko‘rish haqida kelishib oldilar, deb xabar bermoqda Reuters axborot agentligi.

Kerri Iordaniya poytaxti Ummonda Falastin prezidenti Mahmud Abbos va Iordaniya qiroli Abdulloh II bilan uchrashgandan keyin so‘zlagan nutqida Isroil va Iordaniya muqaddas joyda ixtilofni kamaytirishga qaratilgan qadamlarni amalga oshirishga kelishib olganini ma'lum qildi.

Kerrining aytishicha, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Iordaniya tomonining xavfsizlik xizmatlari 24 soatlik videokuzatuv olib borishi uchun videokameralar o‘rnatish taklifini yuqori baholadi.

Oxirgi bir necha kun davomida Iordan daryosining G‘arbiy sohili va G‘azo sektoridagi arab-isroil ixtilofi yangi kuch bilan avj olib ketdi. To‘qnashuvlarning katta qismi Quddusning qadimiy ko‘chalarida yuz bermoqda.

To‘qnashuvlar oqibatida kamida 52 nafar falastinlik va 9 nafar isroillik halok bo‘lgani ma'lum qilinmoqda.

Top