Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Shindzo Abe va Shavkat Mirziyoyev rekonstruksiyadan chiqqan Alisher Navoiy teatrining ochilish marosimida ishtirok etishdi
Shu yil 25 oktabr kuni rekonstruksiya qilingan Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatrining ochilish marosimi bo‘ldi. Marosimda O‘zbekiston bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev va Yaponiya bosh vaziri Shindzo Abe ishtirok etdi. Bu haqda UzA xabar berdi.

Teatr binosi 1947 yilda barpo etilgan bo‘lib, u milliy me'morlik san'atimizning g‘oyat betakror va go‘zal namunasi, xalqimizning bebaho madaniy mulki sanaladi.

Tomosha zaliga qadam qo‘ygan kishining devorlarda sayqal topgan tillarang naqshlardan ko‘zi qamashadi. 736 tomoshabinga mo‘ljallangan zalda o‘rindiqlar shu tarzda o‘rnatilganki, uning istalgan burchagidan spektaklni bemalol tomosha qilish imkoniyati mavjud. Zaldagi vizual, akustik effektlar, eng zamonaviy yoritish va ovoz uskunalari sahnadagi ijrodan to‘la bahra olish imkonini beradi. Ulkan qandil zalga fusunkor tus bersa, yon-atrofdagi mitti yoritgichlarning shu'lasi yanada shinamlik va ko‘rk bag‘ishlaydi.

Yangilangan sahnaning quyi qismida orkestr uchun mo‘ljallangan maxsus joy zamonaviy texnik uskunalar yordamida ko‘tarilib, sahna bilan barobar holatga kelishi konsert dasturlarida, musiqiy taqdimotlarda ijrochilar va tomoshabinlar uchun qulaylik yaratadi.
Rekonstruksiya ishlari jarayonida mashg‘ulot va repetitsiya zallari, grimxonalar bilan birga sahna ortidagi rassom-dekoratorlar, butaforiya ustalari, grimchilar, muhandislar, ovoz rejissyorlari va radistlar, texnik-kommunikatsiya mutaxassislari, rekvizitorlar, teatr liboslari dizaynerlari, tikuv sexlari chevarlari, sahna mashinistlari va quruvchilari, afisha dizaynerlari – barcha-barcha xodimlarning samarali mehnat qilishi uchun zarur sharoitlar yaratilgan.

Istiqlol yillarida Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatri jahonning yetakchi mamlakatlari ijodiy jamoalari bilan hamkorlikni rivojlantirdi. AQSh, Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya, Italiya, Venesuela kabi davlatlarning dirijyor, rejissyor va xoreograflari bilan birgalikda ko‘plab sahna asarlari tomoshabinlar e'tiboriga havola etildi.

Jamoaning yaponiyalik ijodkorlar bilan hamkorligi alohida o‘rin egallaydi. O‘zbekiston opera va balet ustalarining ijrosi yapon tomoshabinlari tomonidan iliq kutib olingan. Teatr sahnasida «Oqqush ko‘li», «Sevilyalik sartarosh» kabi spektakllar yapon san'atkorlari bilan birgalikda ijro etilgani, Kunchiqar mamlakatning «Toyota siti balet» truppasi yurtimizda bo‘lib, eng sara spektakllarini tomoshabinlarga taqdim etgani san'at muxlislariga yaxshi ma'lum.