17:07 / 26.10.2015
9862

Bozorlar va bog‘lardagi imloviy xatolar matbuot nishoni ostida

O‘zbek tiliga rasmiy maqom berilishi munosabati bilan O‘zbekiston matbuotida til muammolariga bag‘ishlangan materiallar chop etilishda davom etmoqda. Asosiy mavzu bo‘lib ko‘cha yozuvlari, e'lonlar va peshlavhalarda yo‘l qo‘yilayotgan xatolar xizmat qilmoqda. “Darakchi”ning navbatdagi sonida e'lon qilingan maqola muallifi aynan mana shuni nishonga oldi.

Ta'kidlanishicha, Toshkentning eng yirik bozorlaridan biri bo‘lmish O‘rikzorga turli tomonlardan kirish joylarida uning nomi har xil xatolar bilan yozilgan: “Orikzor”, “Urikzor” va hokazo. Bundan tashqari, peshlavhalardan biriga “Haridingiz uchun Rahmat!” deb yozib qo‘yilgan.

Andijondagi Bobur nomli boqqa kirishda o‘rnatilgan peshlavhada mashhur tarixiy shaxs haqida qisqacha ma'lumot keltirilgan bo‘lib, gazetadan o‘rin olgan fotosuratlarda ko‘rinib turganidek, matnda 10dan ortiq imloviy xatoga yo‘l qo‘yilgan.

Bu masalada Toshkent shahar hokimligi huzuridagi Geografik obektlarni nomlash va qayta nomlash masalalari bo‘yicha shahar komissiyasi mas'ul kotibi Ergash Ismatullayev izoh berdi.

“Har bitta tuman hokimiyatida davlat tili qonunini ta'minlash bo‘yicha ishchi guruhlar mavjud. Qonun bo‘yicha har bir korxona, u bozor, katta korxona yoki kichik korxona bo‘lishidan qat'iy nazar, biror yozuv yozadigan bo‘lsa, unga javob beradigan birinchi shaxs o‘sha korxona yoki tashkilotning rahbari bo‘ladi”, - deb ta'kidladi u.

Bundan tashqari, u til me'yorlarini buzish ma'muriy jazoga olib kelishi mumkinligini ta'kidladi: “O‘zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi 42-moddasiga asosan davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish eng kam ish haqining bir baravaridan jarima solishga sabab bo‘ladi”.

Eldor Asanov tayyorladi

Top