10:11 / 26.10.2015
2429

O‘zbekiston TIAISVda JETRO vakili bilan invest-loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazildi

24 oktabr kuni O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligida Yaponiya tashqi savdoni rivojlantirish tashkiloti — JETRO vakili Xiroyuki Ishige bilan muzokaralar o‘tkazildi.

Uchrashuv chog‘ida ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va innovatsion-texnologik hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Xiroyuki Ishige yapon biznesining o‘zbekistonlik hamkorlar bilan uzoq muddatli aloqalarni rivojlantirishga bo‘lgan qiziqishi o‘sib borayotganini alohida qayd etib o‘tdi.

JETRO rahbari so‘zining isboti sifatida, Yaponiya bosh vaziri Shindzo Abening O‘zbekistonga tashrifi doirasida 25 oktabr kuni bo‘lib o‘tgan qo‘shma biznes-forumda qatnashish uchun Yaponiya korporatsiya va kompaniyalari (Mitsubishi, Mitsui, Isuzu, Itochu, Jogmec, Marubeni, Shimizu, Sumitomo, Sojitz, Toyota Tsusho va boshqalar)ning 200dan ortiq rahbari va vakillari Toshkentga kelganini ta'kidladi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha Yaponiyaning ilg‘or tajribasi va kompaniyalarining zamonaviy texnologik yechimlarini jalb etgan holda O‘zbekiston iqtisodiyotining turli tarmoqlarida istiqbolli hamkorlik loyihalarini yuritish bo‘yicha faol munosabatlarni davom ettirishga kelishib olingan.

Top