Jahon | 19:38 / 26.10.2015
2986
2 daqiqa o‘qiladi

Polshadagi parlament saylovida yevrozonaga kirishga qarshi bo‘lgan konservativ partiya g‘alaba qozondi

Polshada 25 oktabr kuni bo‘lib o‘tgan parlament saylovida “Huquq va adolat” konservativ partiyasi yaqqol g‘alaba qozongan.

Bu haqda IPSOS kompaniyasi o‘tkazgan ekzit-poll natijalarida ma'lum qilingan. Ular bu haqdaga ma'lumotlarni Varshavada saylov uchastkalari yopilgandan keyinoq e'lon qilgan.

Polshaliklar parlament quyi palatasi – seymga 460 nafar deputat va yuqori palatasiga 100 nafar senatorni saylashgan. Seym deputatlari partiya ro‘yxati bo‘yicha, senatorlar esa bir mandatli okruglar bo‘yicha saylanadi.

So‘rov natijalariga ko‘ra, Yaroslav Kachinskiy rahbarligidagi Polshaning yevrohududga kirishiga qarshi bo‘lgan “Huquq va adolat” partiyasi uchun 39,1 foiz ovoz berilgan, keyingi o‘rindagi bosh vazir Kopach boshchiligidagi “Fuqaro platformasi” liberal partiyasi 23,4 foiz ovoz olgan.

Uchinchi o‘rinda Pavl Kukiz boshchiligidagi rok musiqachilarining Kukiz'15 partiyasiga saylovchilarning 9 foizi ovoz bergan.

Seymga shuningdek, “Zamonaviy Polsha” — 7,1 foiz, Polsha dehqonlar partiyasi 5,2 foiz ovoz olib kirishga muvaffaq bo‘lgan. Qolgan partiyalar esa yetarli voz yig‘a olmagani bois parlamentga kira olmagan.

Qayd etish kerakki, Kachinskiy Vengriya bosh vaziri Viktor Orbanning hammaslagi hisoblanadi. U Yaqin Sharqdan keluvchi muhojirlar Yevropa madaniyatiga katta xavf solmoqda, degan fikrda. Biroz oldinroq, mahalliy matbuotda uni irqchilikni avj oldirishda ayblab chiqishgandi. Bunga u qochqinlar tomonidan Polshaga yangi kasalliklar kirib kelayotgani borasidagi taxmini bilan chiqqani sabab bo‘lgan.

25 oktabr kuni Polsha shimolidagi saylov uchastkasida yong‘in sodir bo‘lgani xabar qilingandi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish