10:38 / 26.10.2015
9158

XVJ yuanni zaxira valyutalar savatiga qo‘shishga tayyor

Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) Xitoy yuanini o‘zining zaxira valyutalar savatiga qo‘shishga tayyor. Bu haqda 25 oktabr kuni Reuters agentligi ma'lum qildi.
Agentlikning qayd etishicha, XVJ mutaxassislari tomonidan tayyorlangan va tashkilot direktorlar kengashi uchun tavsiyalar o‘rin olgan hisobotda yuanning savatga qo‘shilishi bo‘yicha ijobiy xulosalar keltiriladi.

“Texnik tomondan barchasi reja bo‘yicha ketmoqda, shuningdek, hech qanday siyosiy to‘sqinliklar yo‘q. Hisobotda keltirilgan mutaxassislik fikri jenminbi (yuanning rasmiy nomi)ning savatga qo‘shilishi tomon og‘moqda, biroq yakuniy qarorni direktorlar kengashi hal qiladi”, - deya agentlik tashkilotdagi axborot manbasi so‘zlaridan iqtibos keltirdi.

2015 yilning noyabr oyida bo‘lib o‘tishi mo‘ljallangan direktorlar kengashi majlisida mazkur qaror tasdiqlangan taqdirda, yuan savatga oradan bir yil o‘tib – 2016 yil oktabr oyida qo‘shilishi mumkin. Tashkilot avgust oyida amaldagi savat muddatini 2015 yil 31 dekabridan 2016 yilning 30 sentabriga qadar uzaytirgan edi.
Ayni paytda XVJ ovozlar paketiga to‘siq qo‘yish huquqiga ega bo‘lgan AQSh mazkur tashabbusga ishonchsizlik ko‘zi bilan qaramoqda.

Top