2015 yilning 9 oyida Namangan viloyatida YaHM o‘sishi 9,2 foizni tashkil etdi
Namanganda 2015 yilning to‘qqiz oyida viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2015 yilgi iqtisodiy dasturning eng muhim yo‘nalishlari va ustuvor vazifalari ijrosini ta'minlash chora-tadbirlari muhokamasiga bag‘ishlangan faollar yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda UzA xabar bergan.
Viloyat hokimi B.Yusupov boshqargan yig‘ilish sim orqali muloqot tarzida tashkil etilib, unda viloyat,tuman va shahar Kengashlari deputatlari, boshqarma va idoralar, yirik sanoat korxonalari, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'yektlari rahbarlari qatnashdi
Hisobot davrida viloyatda iqtisodiyot real sektorining barcha tarmoqlarida barqaror o‘sish sur'atlari ta'minlandi. Yalpi hududiy mahsulot 9,2, sanoat ishlab chiqarish 17,3, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish 5,1 foizga o‘sdi. Korxonalar tomonidan 1,7 trillion so‘mdan ortiq sanoat mahsulotlari, 1,1 trillion so‘mlik xalq iste'moli mollari ishlab chiqarildi.
Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab- quvvatlash bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini izchil amalga oshirish natijasida o‘tgan davrda 1228 yangi kichik biznes sub'yekti tashkil etildi hamda 47 ming 743 yangi ish o‘rni yaratildi.
Qishloqlarning qiyofasini tubdan o‘zgartirish, aholi farovonligi va turmush madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan ishlar doirasida namunaviy loyihalar asosida 727 uy-joy qurilib, foydalanishga topshirildi.
Yig‘ilishda 2015 yilda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish prognoz parametrlarining bajarilishi va ularni diversifikatsiyalash, 2016 yilda iqtisodiyot tarmoqlarini barqaror rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratish, 2015 yilda ishga tushiriladigan eng muhim obektlarning foydalanishga topshirilishi, muhandislik-kommunikatsiya va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha 2016-2019 yillarga mo‘ljallangan investitsiya loyihalarining amalga oshirilishini boshlash, eksport hajmini ko‘paytirish, eksport qiluvchi korxonalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik borasida amalga oshirilayotgan ishlar natijalari tahlil qilindi.
Yig‘ilishda erishilgan yutuqlar bilan birga, yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar ham tahlil etilib, ularni bartaraf etish yuzasidan vazifalar belgilandi. Kichik biznes sub'yektlarining 12 foizdan ortig‘i faoliyat ko‘rsatmayotgani, ayrim tuman va sanoat korxonalarida ishlab chiqarish hajmi, eksport ko‘rsatkichlari kamaygani tanqid qilindi. Mavjud kamchiliklarni bataraf etish choralari belgilab olindi.
Namangan viloyati faollar yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari R.Azimov so‘zga chiqdi.