Jahon | 14:39 / 27.10.2015
4776
2 daqiqa o‘qiladi

IShID jangarilari Palmiradagi tarixiy ustunlarga qo‘shib 3 kishini portlatib yuborgan

IShID jangarilari Suriyaning Palmira shahridagi tarixiy ustunlar hududida avval 3 kishini qatl qilib, keyin ularning jasadini ustunlar bilan birgalikda portlatgan. Bu haqda SSN xabar berdi.

Ma'lum qilinishicha, qatl qilinganlar jangarilar Palmirani bosib olgach, asir qilingan mahbuslar bo‘lgan. Ularning shaxsi haqida aniq ma'lumotlar yo‘q.

Biroz oldinroq, IShID jangarilari Palmiradagi tarixiy ustunlar majmuasini yo‘q qilgani haqida xabar berilgandi.

YuNeSKOning jahon madaniy merosi obekti hisoblangan Palmira shahri ustidan nazorat 2015 yil may oyida IShID jangarilari qo‘liga o‘tgan edi.

Avvalroq, oktabr oyi boshida Suriyaning Palmira shahridagi antik davrga oid obidalardan yana biri bo‘lmish Triumfal ark IShID jangarilari tomonidan portlatib yuborilgan edi. Qayd etish kerakki, miloddan avvalgi II asrga mansub ark shu davrgacha tarix silsilalariga dosh berib, o‘zining 20 metrlik balandligini saqlab kelgandi.

Avgust oyida esa jangarilar Palmira shahridagi 2 ming yillik ibodatxonani portlatib yuborgandi.

Sentyabr oyida esa IShID Palmira arxeologik kompleksidagi bir nechta maqbara minoralarini portlatib, yo‘q qilgandi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish