Jahon | 19:13 / 27.10.2015
3284
2 daqiqa o‘qiladi

OAV: Afg‘onistonda jangarilar 14 kishini o‘g‘irlab ketdi

Afg‘onistonning janubi-sharqida joylashgan Zabul viloyatida noma'lum jangarilar 14 kishini o‘g‘irlab ketdi. Bu haqda Hama Press agentligi ma'lum qildi.

Agentlik ma'lumotlariga ko‘ra, barcha asirlar bir oila a'zolari bo‘lib, ularning orasida ayollar va bolalar ko‘pchilikni tashkil qiladi. Ayni paytda hech qaysi bir terrorchilik guruhi ushbu jinoyat uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olmadi.

Viloyat rasmiylari Afg‘oniston rahbariyatiga asirlarni ozod qilish bo‘yicha shoshilinch choralarni qabul qilishni so‘rab murojaat qilishdi. Aks holda, mahalliy ma'muriyatda ta'kidlanishicha, bu noxush voqea Zabulda yashovchi qabilalar o‘rtasida to‘qnashuvlarga olib kelishi mumkin.

Mart oyida shu viloyatda 31 tinch aholi o‘g‘irlab ketilgan edi, ayni paytda ulardan 19 nafarini afg‘on qamoqlarida saqlanayotgan jangarilarga almashish evaziga ozod qilishga muvaffaq bo‘lingan. Qolgan asirlarning taqdiri noma'lumligicha qolmoqda. Huquq-tartibot muassasalari ushbu jinoyatni amalga oshirganlikda mamlakatning janubi va sharqida faol harakat qilayotgan, IShIDning Afg‘onistondagi bo‘limi jangarilarini gumon qilmoqda.