O‘zbekiston | 21:18 / 27.10.2015
7228
6 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda «O‘zpaxtasanoateksport» xolding kompaniyasi tashkil etiladi

O‘zbekistonda paxta xomashyosini qayta ishlash va eksport qilish bilan shug‘ullanadigan “O‘zpaxtasanoateksport” xolding kompaniyasi tashkil etiladi. Bu haqda 27 oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni imzolandi. Farmon matni O‘zA saytida joylashtirilgan.

Yangi kompaniyani tuzishdan maqsad paxta xomashyosini qabul qilish va qayta ishlash, paxta tolasini jahon bozori talablaridan kelib chiqqan holda eksport qilish bo‘yicha yagona kompleksni yaratish, paxta va yog‘-moy mahsulotlarining sifatini hamda raqobatdoshligini oshirish, shuningdek, respublikaning paxta tozalash va yog‘-moy korxonalarini modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlash uchun investitsiyalarni, jumladan, xorijiy investitsiyalarni keng jalb qilish hisoblanadi.

Ushbu xolding kompaniyasi tarkibidan aksiyadorlik jamiyati shaklidagi quyidagi birlashmalar o‘rin oladi:
- paxta xomashyosini qabul qilish va qayta ishlashni tashkil qilish bo‘yicha – tugatilayotgan “O‘zpaxtasanoat” uyushmasi negizida tashkil etilayotgan “O‘zpaxtasanoat” aksiyadorlik jamiyati va uning hududiy filiallari, ushbu aksiyadorlik jamiyatiga “Paxtasanoat” hududiy aksiyadorlik birlashmalarining ustav fondlaridagi aksiyalarning davlat paketlarini topshirish hisobiga uning ustav fondi shakllantiriladi;

- paxta tolasini saqlash va eksport qilishni ta'minlash bo‘yicha – “O‘zpaxtaeksport” aksiyadorlik jamiyati, uning ustav fondi O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi huzuridagi tashqi savdo kompaniyalarining paxta terminallari ustav fondlaridagi ulushlarini baholash qiymati bo‘yicha topshirish hisobiga shakllantiriladi;

- paxta yog‘i ishlab chiqarish bo‘yicha – “O‘zpaxtayog‘” aksiyadorlik jamiyati, uning ustav fondi paxta yog‘i ishlab chiqaruvchi korxonalarni Oziq-ovqat sanoati korxonalari uyushmasi tarkibidan chiqargan holda ularning ustav fondlaridagi aksiyalar (ulushlar)ning davlat paketlarini topshirish hisobiga shakllantiriladi.

“O‘zpaxtasanoateksport” xolding kompaniyasining asosiy vazifalari va yo‘nalishlari etib belgilangan:
- jahon va mintaqaviy paxta bozorlari kon'yunkturasini o‘rganish bo‘yicha tizimli marketing tadqiqotlari olib borish va shu asosda, mazkur bozorlarda tarkib topayotgan tendensiyalardan kelib chiqib, paxta xomashyosi yetishtirishning hajmlari, assortimenti va navlari bo‘yicha g‘o‘zaning rayonlashtirilgan navlarini hududiy joylashtirish tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan takliflar ishlab chiqish;

- respublikada ishlab chiqarilayotgan paxta xomashyosini fermer xo‘jaliklaridan qabul qilib olish va qayta ishlash, yuqori sifatli, tashqi bozorlarda raqobatdosh paxta tolasini ishlab chiqarish, xalqaro talablar va standartlarga muvofiq uni saqlash bilan bog‘liq ishlarning butun kompleksini tashkil qilish va amalga oshirish sohasida yagona siyosat o‘tkazilishini ta'minlash;

- fermer xo‘jaliklaridan qabul qilinadigan paxta xomashyosining miqdori, sifati va navlari, paxta tolasi va chigitning chiqishiga oid ko‘rsatkichlari, kompaniya korxonalari tomonidan ishlab chiqarilayotgan hamda sotilayotgan paxta tolasi va yog‘-moy mahsulotlarining o‘rnatilgan standartlar va tuzilgan shartnomalarga muvofiq miqdori va sifati bo‘yicha ma'lumotlarni qat'iy hisobga olish va nazorat qilish, shuningdek, tarmoq ichki nazorat-taftish ishlarini o‘tkazish uchun mintaqalardagi inspektorlar bilan Nazorat-taftish boshqarmasi faoliyatini tashkil etish;

- jahon bozorining kon'yunkturasidan kelib chiqqan holda, paxta tolasini yetkazib berish to‘g‘risida eksport shartnomalari tuzilishini tashkil qilish hamda ularning o‘z vaqtida bajarilishini ta'minlash;

- tuzilgan shartnomalar va kontraktlarga muvofiq xarid qilinayotgan paxta xomashyosi hamda eksportga va ichki iste'molchilarga jo‘natilayotgan paxta mahsuloti uchun o‘zaro hisob-kitoblarni ta'minlash;

- chigitning chuqur qayta ishlanishini tashkil qilish hamda sifatli paxta yog‘i va boshqa yog‘-moy mahsulotlari ishlab chiqarilishini ta'minlash;

- yagona texnika siyosatini o‘tkazish hamda modernizatsiyani amalga oshirishda, zamonaviy ilg‘or texnika va texnologiyalarni joriy qilishda, investitsiyalar, avvalo to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni tarmoqqa keng jalb etishda paxta tozalash korxonalariga, yog‘ zavodlariga, paxta terminallariga ko‘mak berish;

- paxtani qayta ishlash va yog‘-moy sanoati kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil qilish.

“O‘zpaxtasanoateksport” xolding kompaniyasining boshlang‘ich ustav kapitali tugatilayotgan “O‘zpaxtasanoat” uyushmasining mulki, shuningdek, tashkil etilayotgan ixtisoslashtirilgan birlashmalar – “O‘zpaxtasanoat” AJ, “O‘zpaxtaeksport” AJ, “O‘zpaxtayog‘” AJ aksiyalari paketlarining 100 foizini topshirish hisobiga shakllantiriladi.

“O‘zpaxtasanoateksport” xolding kompaniyasi va uning tarkibiy bo‘linmalarini tashkil etish bo‘yicha barcha tashkiliy tadbirlar kompleksini amalga oshirishdagi ishlarni muvofiqlashtirish va ko‘mak berish uchun ilovaga muvofiq tarkibda Hukumat komissiyasi tuziladi.

Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining bosh vaziri Sh.Mirziyoyev zimmasiga yuklatilgan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish