Jamiyat | 21:35 / 27.10.2015
2570
2 daqiqa o‘qiladi

Sog‘liqni saqlash vazirligida Nagoya delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazildi

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligida vazir Anvar Alimov va Nagoya Universiteti prezidenti Seyichi Matsuo boshchiligidagi delegatsiyasi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining yuqori va o‘rta bo‘g‘in rahbarlari hamda Nagoya Universiteti (Yaponiya) vakillari ishtirok etishdi.

Sog‘liqni saqlash vaziri A.V.Alimov mehmonlarni qabul qilish vaqtida mamlakatimiz mustaqillikka erishgan ilk yillardanoq Yaponiya O‘zbekistonning ishonchli hamkori bo‘lib kelayotganini qayd etdi. Ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar strategik hamkorlik ruhida barcha yo‘nalishlarda, xususan, sog‘liqni saqlash sohasida izchillik bilan rivojlanayotgani qayd etildi.

Nagoya Universiteti prezidenti Seyichi Matsuo samimiy qabul uchun minnatdorchilik bildirar ekan, Nagoya Universiteti O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan tibbiy yo‘nalishdagi kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash, shuningdek, tibbiyot sohasida ilmiy tadqiqotlar olib borish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirish rejasi borligini ta'kidladi. S.Matsuo Sog‘liqni saqlash vazirligi rahbarlariga O‘zbekistonlik 14 nafar tibbiyot mutaxassisiga Yaponiyada o‘z bilimi va malakasini oshirish imkonini bergan “Yosh liderlar” dasturi doirasidagi mustahkam hamkorlik uchun alohida minnatdorchilik izhor etdi.

Uchrashuv davomida yapon delegatsiyasi a'zolari O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar va mamlakatimiz Sog‘liqni saqlash vazirligi faoliyati bilan tanishdi.

Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va Nagoya Universiteti o‘rtasida hamkorlik aloqalarini mustahkamlash istiqbollarini belgilashdi.