Tojikiston kechalari sayr qilish uchun eng xavfsiz mamlakatlar o‘nligida qayd etildi
The Independent nashri o‘z o‘quvchilari orasida so‘rovnoma o‘tkazib, kunning kechki paytida sayr qilish uchun eng xavfsiz mamlakatlarni aniqladi.
O‘tkazilgan so‘rovda ishtirokchilarga «Kechki payt shahringiz yoki mahalliy turar-joyingizda sayr qilayotib, o‘zingizni xavfsiz deb his qilasizmi?» savoli bilan murojaat qilindi.
Berilgan javoblar asosida tungi sayrlar uchun eng xavfsiz va xavfli mamlakatlar reytingi tuzildi.
Unga ko‘ra, xavfsiz mamlakatlar o‘nligida Tojikiston va Armaniston (sakkizinchi va to‘qqizinchi o‘rinlarda) ham qayd etildi.
Ushbu reytingni Singapur boshqarmoqda. Shuningdek, Gonkong, Norvegiya, Ispaniya, Ruanda, Indoneziya va Sloveniya ham kechalari xavf sezmagan holda sayr qilish mumkin bo‘lgan mamlakatlar sifatida sanalgan. Bu boradagi o‘ninchi o‘rinni Avstriya egallagan.
O‘z navbatida, tunda ko‘chaga chiqish xavfli deb hisoblangan mamlakatlar ham aniqlangan. Bunday reytingda Venesuela, Gabon, Kongo, Paragvay va Afg‘oniston nomlarini ko‘rish mumkin.
Ushbu so‘rovnomada dunyoning 141 mamlakatiga mansub, 142 ming o‘quvchi ishtirok etgan.