Tojikistonda ulkan qovun shakli ko‘rinishidagi choyxona qurildi
Tojikiston poytaxti Dushanbe shahridan 20 km masofadagi Hisor shahrida ko‘rinishi ulkan qovunni eslatadigan choyxona ochildi.
Bu bino Hisor shahrining 3000 yilligi munosabati bilan qurilgan bo‘lib, uning ochilish marosimida Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon ham ishtirok etdi.
Tojikiston prezidentining rasmiy saytida ma'lum qilinishicha, ushbu choyxona binosi "qadimiy shaharsozlik an'analari" asosida barpo etilgan. Uning balandligi 43 metr, kengligi 55 metr, uzunligi esa 100 metrga teng.
Mehmonlar zalidan tashqari “Milliy choyxona”ekologik toza texnika bilan jihozlangan beshta oshxona va xodimlar uchun ikki alohida xona bilan jihozlangan. Choyxona ichi daraxtlar, o‘simliklar va gullar bilan bezatilgan.
Choyxona qurilishi bir yildan uzoq vaqt davom etdi. Loyiha “Barakat” korporatsiyasining buyurtmasiga binoan “Shaxrofar” qurilish kompaniyasi tomonidan qisqa vaqt ichida qurildi. Tojikiston hukumati choyxona yaqinida madaniyat va istirohat bog‘i qurishni rejalashtirgan.
Qayd etilishicha, agrar qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashgan Tojikistonda keyingi yillarda ko‘plab yangi bayramlar (Qovun va tarvuz kuni, Asal bayrami, Palov bayrami, Qovoq bayrami, hosil bayrami) o‘tkazish joriy qilingan.
2009 yilda Tojikistonda 1501 m uzunlik va 7 m enlikdagi matodan ulkan bayroq yasalgandi (og‘irligi 1,25 tonna).
2011 yilda esa mamlakat mustaqilligining 20 yilligi munosabati bilan 165 metr balandlikka ega bayroq ustuni yasalgandi (bu dunyodagi eng yuqori ko‘rsatkich).