Jamiyat | 20:40 / 27.10.2015
3519
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda “Biz sog‘lom turmush tarafdorimiz!” shiori ostida festival o‘tkazildi

26 oktabr kuni Toshkentdagi Bolalar san'at va ijodiyot markazida “Biz sog‘lom turmush tarafdorimiz!” loyihasi doirasida yoshlar festivali o‘tkazildi.

O‘zbekiston Madaniyat va sport ishlari vazirligi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati Toshkent shahar kengashi, O‘zbekiston ekstremal va tog‘ turizmi federatsiyasi, Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi, “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan festivalda faol o‘quvchi-talabalar ishtirok etdi.

Mazkur festivalni o‘tkazishdan maqsad yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, ularda turli salbiy illatlarga qarshi immunitetni shakllantirish, sportning ekstremal turlariga jalb qilib, bo‘sh vaqtini samarali tashkil etish va iqtidorini yuzaga chiqarishdan iborat.

Festival doirasida velosipedda ko‘rgazmali chiqish, raqsli harakatlar, ekstremal sport turlari namoyish etildi. Yakunda faol ishtirokchilar taqdirlandi.