Yaponiyaning xalqaro hamkorlik agentligi Toshkent issiqlik ta'minoti tizimini modernizatsiya qilish uchun 100 mln dollar ajratdi
Yaponiyaning xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) va O‘zbekiston hukumati Toshkent energiya va issiqlik ta'minoti tizimini modernizatsiya qilish uchun 12 mlrd iyen (100 mln dollar atrofida) miqdorida kredit ajratilishi bo‘yicha kelishuvni imzoladi. Bu haqda “O‘zbekenergo” AJ vakiliga iqtibos keltirgan holda Sputnik nashri xabar berdi.
Ushbu kelishuv Yaponiya bosh vaziri Shindzo Abening 24-26 oktabr kunlari O‘zbekistonga tashrifi davomida imzolandi.
Kredit 10 yillik imtiyozlik davrga ega 40 yillik muddatga taqdim qilinmoqda.
Modernizatsiyalash loyihasida 4-sonli Toshkent issiqlik markazida 27 MVt quvvatga ega 4 ta gaz-turbinali qurilma qurish ko‘zda tutilgan. Bu qurilmalar evaziga yiliga 946 mln KVt-soat qo‘shimcha elektr energiya olinadi. Ushbu elektr energiya kommunal sektor uchun issiqlik energiyasi ishlab chiqarishga yo‘naltiriladi.
Loyihani amalga oshirish muddati 3 yilni tashkil qiladi. Umumiy miqdori 167,3 mln dollarni tashkil qiladigan ushbu loyihaning qolgan qismi “O‘zbekenergo” mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.
“O‘zbekenergo” strukturasiga kiruvchi “Toshkent elektr markazi” AJ (ToshTETs) Toshkent aholisi uchun elektr va issiqlik energiyasini yetkazib beruvchi asosiy korxona hisoblanadi. 4-sonli issiqlik markazi “Toshkent elektr markazi” strukturasiga kiruvchi 9 ta issiqlik markazidan biridir. Loyihaning samaraliroq amalga oshirilishi uchun 4-sonli issiqlik markazi “O‘zbekenergo” strukturasiga o‘tkazildi.