Sport | 10:13 / 28.10.2015
15585
2 daqiqa o‘qiladi

"Chernomorets" futbolchisi Sanjar Tursunovga nisbatan irqchilik qildi

Ukrainaning "Vorskla" jamoasi a'zosi, o‘zbekistonlik 28 yoshli futbolchi Sanjar Tursunov 27 oktabr kuni Odessaning "Chernomorets" jamoasiga qarshi kechgan Ukraina Kubogining nimchorak uchrashuvi vaqtida irqchilik munosabatiga duch keldi.

Poltavaliklar vakili, Tursunovning jamoadoshi Artyom Gromovning guvohlik berishicha, o‘yinning 56 daqiqasida asli "Dinamo" jamoasi tarbiyalanuvchisi, hozirda "Chernomorts"da harakat qilayotgan 25 yoshli futbolchi Dmitriy Korkishko Sanjar Tursunovni "qora" deb ataganidan keyin ular o‘rtasida mushtlashuv boshlanishiga bir baxya qolgan.

"Kiyev"da qora tanli muxlisning muxlislar tomonidan kaltaklanishi voqeasidan ko‘p o‘tmasdan, yana bir ko‘ngilsiz voqea bo‘ldi. Bu juda yoqimsiz holat. Buning uchun Korkishkoni maydondan haydash kerak edi. Ha, Tursunov ham bu to‘qnashuvda qo‘pol harakat qilgan bo‘lishi mumkin, lekin bunga javoban "qora" so‘zini ishlatmaslik kerak edi", deydi Gromov "Futbol 1" kanaliga bergan intervyusida.

"Vorskla"ning "Chernomorets"ga qarshi o‘yinida hisob ochilmagan, lekin jamoa Ukrainaning chorak finaliga chiqqan. Birinchi o‘yinda poltavaliklar 1:0 hisobida g‘alaba qozonishgandi.