22:10 / 28.10.2015
5298

TDTU talabasi yo‘llarni yoritishda foydalanishga mo‘ljallangan shamol generatori ishlab chiqdi

Abu Rayhon Beruniy nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti talabasi Sarvar Usmonaliyev magistral yo‘llarni elektr energiyasi bilan yoritishga mo‘ljallangan qurilma yaratdi. Bu qurilma shamol yordamida ishlaydi va shamol generatori deb nomlanadi. Bu haqda UzA xabar bergan.

Generator asosan avtomobillar serqatnov bo‘lgan yo‘llar chetiga, yer sathidan 4-5 metr balandlikka o‘rnatiladi. Yo‘lda hosil bo‘layotgan shamol qurilmaning ishlashiga va elektr energiyasi ishlab chiqishiga turtki beradi.

Sarvar Usmonaliyev joriy yilda “Yurt kelajagi” respublika ko‘rik-tanlovining Toshkent shahar bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan.

Abu Rayhon Beruniy nomidagi stipendiya sohibi Akbarjon Anvarov ham yangilik yaratishga ishtiyoqi baland yoshlardan hisoblanadi.

– Yurtimizda turli o‘simlik qoldiqlarini qayta ishlab, yangi mahsulot olish uchun boy zaxira mavjud, – deydi A.Anvarov. – Men ustozlarim ko‘magida g‘o‘zapoyani qayta ishlashga mo‘ljallangan qurilma yaratish ustida izlanishlar olib bordim. Nihoyat yaratilgan qurilma orqali g‘o‘zapoyani qizdirish orqali undan yoqilg‘i olishga muvaffaq bo‘ldik. Biz uni pistako‘mir deb atadik va uni qishloq joylarda isitish maqsadida qo‘llash mumkin. E'tiborlisi, bu yoqilg‘i boshqa yoqilg‘ilardan ancha arzon tushadi.

Mazkur ishlanma joriy yilda o‘tkazilgan Respublika Innovatsion g‘oyalar va loyihalar yarmarkasida namoyish etilib, olimlar va ishtirokchilarning e'tiboriga sazovor bo‘ldi. Shu bois ushbu ixtironi joriy yilda amaliyotga tatbiq etish ustida ish olib borilmoqda.

Top