O‘zbekiston | 21:01 / 29.10.2015
2380
3 daqiqa o‘qiladi

2015 yilning 9 oyida Farg‘onadagi korxonalar 182 mln dollardan ortiq qiymatdagi mahsulot eksport qilishdi

Farg‘onada 2015 yilning 9 oyida viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va eng muhim ustuvor vazifalar ijrosini ta'minlash chora-tadbirlari muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda ta'kidlanishicha, Farg‘ona viloyatida joriy yilning 9 oyida hududiy korxonalar tomonidan 182 million dollardan ortiq qiymatdagi mahsulot eksport qilindi.

Viloyat hokimi Sh.G‘aniyev boshqargan yig‘ilish sim orqali muloqot tarzida tashkil etildi. Unda asosiy e'tibor Prezidentimizning 2015 yil 16 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan Vazirlar Mahkamasi majlisidagi ma'ruzasida belgilab berilgan mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning joriy yilga mo‘ljallangan eng muhim ustuvor yo‘nalishlari vazifalari ijrosini ta'minlashga qaratildi.

Hisobot davrida viloyat yalpi hududiy mahsuloti 6,6 foiz, jumladan, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 11,4, chakana tovar aylanmasi 14,6, qurilish-pudrat ishlari 11,6, xizmat ko‘rsatish 17,4, qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtirish 6,8 foiz o‘sdi.

Joriy yilning o‘tgan davrida viloyatda 1 ming 767 kichik biznes sub'yekti tashkil etildi. Mazkur soha sub'yektlariga tijorat banklari tomonidan 670 milliard so‘mdan ortiq kredit ajratildi. Yalpi hududiy mahsulot tarkibida kichik biznesning ulushi 63,8 foizga yetdi.

Sanoat sohasini rivojlantirish, korxonalarda ishlab chiqarishni modernizatsiya va diversifikatsiya qilish, yangi quvvatlarni ishga tushirish bo‘yicha hisobot davrida umumiy qiymati 150,7 milliard so‘mlik 541 loyiha amalga oshirildi. Bandlik dasturi doirasida 73 ming 682 yangi ish o‘rni yaratildi. Ishlab chiqarilayotgan sanoat mahsulotlari turini kengaytirish, raqobatbardosh, import o‘rnini bosuvchi, eksportga yo‘naltirilgan mahsulotlar ishlab chiqarishda mahalliylashtirish dasturi muhim o‘rin tutmoqda. Hisobot davrida mahalliylashtirish dasturi doirasida viloyatdagi 21 sanoat korxonasida 29 loyiha amalga oshirildi. Ular tomonidan 36,5 milliard so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarilib, 208 ming dollarlik mahsulot eksport qilindi.

Farg‘ona viloyati faollari yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari U.Rozuqulov so‘zga chiqdi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish