18:20 / 29.10.2015
15209

Farg‘onalik ayol kuyoviga erini o‘ldirishni buyurtma qildi

Farg‘ona viloyatining Rishton tumanida istiqomat qiluvchi qaynona-kuyov Sojida Tojiyeva va Sanjar Xoldorov mudhish qotillikda ayblanib, uzoq muddatga ozodlikdan mahrum qilindi. Voqea tafsilotlari “Huquq” nashrida keltirildi.

Sojida tumandagi maktabgacha ta'lim muassasalaridan birida mudira bo‘lib ishlab kelgan. Uning turmush o‘rtog‘i Abdurasul Qozog‘iston va Rossiyada uzoq muddat ishlab yurgan. Uning yo‘qligida Sojidaning boshqa erkaklar bilan yurgani haqida tarqalgan gaplar tufayli ularning munosabatlari buzilib, bitta hovlida turishsa-da, amalda ular boshqa-boshqa ro‘zg‘or yurita boshlashgan.

Sojida to‘ng‘ich qizini tog‘asining o‘g‘li Sanjarga uzatgan. Chet elda omadi yurishmagan Sanjar qishloqda pulga zor bo‘lib yurgan paytida qaynonasi unga yaxshi taklif bildirgan.

Abdurasul, garchi amalda ular ajrashgan bo‘lishsa-da, tez-tez Sojidani kaltaklab turar edi. Bu joniga tekkan ayol kuyovidan biror odam topib, Abdurasulni yo‘q qilishni so‘ragan.

Bundan foydalanib qolishni istagan Sanjar Jamol ismli “yollanma qotil”ni o‘ylab topib, bu ish 10 ming dollarga bitishini aytgan. Sojida uni 5 ming dollarga ko‘ndirgan. Shu bilan birga, Sanjar uni “yollanma qotil” bilan uchrashtirishni istamaganidan ayol bunday odamning aslida yo‘qligini, kuyovi barcha pulni o‘zi olmoqchi ekanligini tushungan edi.

Bir kuni qaynona va kuyov hovliga kelib, Abdurasul bilan yarashishdi va u bilan birga o‘tirishdi. Kechasi, u uyquga ketgach, ayol ichkariga kirib ketdi, Sanjar esa bolta topib, qaynotasini o‘ldirdi.

Lekin Sojida pul berishni paysalga solib yuraverdi. U hovlidan narsalarini olib, ammasining uyiga ko‘chib ketdi. Abdurasulni so‘rab kelgan akasi Mahmudjon va hamkasbi Haydaralini “erim ishlashga chet elga ketgan” deb aldadi.

Qaynonasidan pul ololmagan Sanjar uydagi mebellar, gilamlar va boshqa qimmatliklarni olib chiqib keta boshladi. Hatto qo‘shni erkaklarni hovliga chaqirib, u yerdagi murdani yashirincha olib chiqib ketishda yordam so‘raydi.

Uning xatti-harakatlaridan shubhalana boshlagan qarindoshlar nihoyat uzoq surishtiruvlardan so‘ng bo‘lib o‘tgan voqealarni tushundilar. Sanjarning otasi Murodjon shaxsan militsiyaga murojaat qildi.

O‘tkazilgan sud jarayoni natijasida ikki jinoyatchiga tegishli jazo tayinlandi.

Top