O‘zbekiston | 14:21 / 29.10.2015
3424
2 daqiqa o‘qiladi

Londonning “Globus” teatri O‘zbekistonda “Hamlet”ni ijro etadi

Toshkentning xalqaro biznes markazida Britaniya kengashining O‘zbekistondagi faoliyatiga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi. Uning doirasida Londonning “Globus” teatri Toshkentga tashrif buyurishi hamda “Hamlet” spektalini ijro etishi ma'lum qilindi. Bu haqda “Pravda Vostoka” nashri yozmoqda.

O‘tkazilgan matbuot anjumani chog‘ida ta'kidlanishicha, Uilyam Shekspir tavalludining 450 yilligi munosabati bilan teatr jamoasi 2 yillik xalqaro turnega chiqqan. Mana shu turne doirasida teatr O‘zbekistonga tashrif buyuradi. Bu tadbir madaniyat va sport ishlar vazirligi hamda “O‘zbekteatr” tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda. Shu tariqa, 4 noyabr kuni Milliy akademik drama teatri sahnasida britaniyalik mehmonlar tomonidan “Hamlet” 4 asr muqaddam qanday ijro etilgan bo‘lsa, xuddi ana shunday uslub va texnik imkoniyatlarda ijro etiladi.

5-6 noyabr kunlari esa “Teatr masalalari” forumi o‘tkaziladi.
Eslatib o‘tamiz, tarixi 1599 yildan boshlanadigan “Globus” teatrida o‘z vaqtida buyuk shoir va dramaturg Uilyam Shekspir ishlagan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish