20:40 / 29.10.2015
7744

Mutko: Alisher Usmonov Yevro-2016ga chiqqan Rossiya terma jamoasining mukofot pullarini to‘lab beradi

USM Holdings rahbari, milliarder Alisher Usmonov Rossiya futbol ittifoqiga Rossiya terma jamoasi bosh murabbiyi Leonid Slutskiy va futbolchilarga Yevro-2016 saralashidan muvaffaqiyatli o‘tganlik uchun to‘lanadigan mukofot pulini to‘lashda yordam ko‘rsatadi. Bu haqda Rossiya sport ishlari vaziri va Rossiya futbol ittifoqi rahbari hisoblanuvchi Vitaliy Mutko ma'lum qilgan.

"Biz hozir hech kimdan qarzdor emasmiz. Buning uchun janob Alisher Usmonovdan minnatdormiz. U Rossiya terma jamoasining Yevro-2016 turniriga yo‘l olgani uchun beriladigan mukofot pullari bo‘yicha barcha savollarni hal qilib berdi", deydi Mutko.

Uning qayd etishicha, terma jamoaning Xorvatiyaga qarshi o‘yini oldidan yangi homiylik shartnomasi tuziladi. Rossiya Xorvatiya bilan 17 noyabr kuni o‘ynaydi.

Eslatib o‘tamiz, Slutskiy shu yilning 7 avgustida Rossiya terma jamoasiga Kapelloning o‘rniga bosh murabbiy sifatida tayinlangandi. Uning boshchiligida terma jamoa Yevro-2016 saralashidagi 4ta uchrashuvda ketma-ket g‘alaba qozonib, guruhda ikkinchi o‘rinni egallagan holda yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.

Biroz oldinroq, OAVda Slutskiyga bu natija uchun 1 mln yevro miqdorida mukofot berilishi haqida xabar qilingandi. Lekin keyinchalik bu ma'lumot inkor qilingan.

Qayd etish kerakki, Alisher Usmonov bundan avval ham Rossiya futbol ittifoqiga qarzdorlik bilan bog‘liq muammolarni yopishda yordam ko‘rsatib kelgan.

Usmonov 2015 yilning fevralida RFIga 400 mln rubl kredit bergan edi.

Yozda u Kapelloning maoshini to‘lash uchun yana 300 mln rubl ajratgan. Avgustda u RFI uchun bergan yordam mablag‘lari hajmi jami 1 mlrd rublni tashkil etayotgani haqida aytgandi.

Top