16:54 / 29.10.2015
3486

Qozog‘istonlik murabbiy: O‘zbekistonlik bokschilar xalqaro maydonlarda qozog‘istonlik bokschilarning asosiy raqibi bo‘ladi

Boks bo‘yicha Qozog‘iston yoshlar terma jamoasi bosh murabbiyi Galimbek Kenjyebayev yaqindagina Turkiyada bo‘lib o‘tgan xalqaro turnirdan keyin mahalliy Vesti.kz nashriga intervyu berdi.

Intervyu davomida murabbiy boks musobaqalaridagi O‘zbekiston va Qozog‘iston qarama-qarshiligiga alohida to‘xtalib o‘tdi.

«O‘zbekistonliklar bilan bo‘ladigan boks janglari biz uchun doim prinsipial ahamiyatga ega bo‘lib kelgan. Ittifoq davridan buyon ikkala hudud o‘rtasida katta raqobat bor. Sobiq Ittifoq davlatlari o‘rtasidagi spartakiadalar davrida biz uchun eng asosiy jihat o‘zbekistonliklarni ortda qoldirish bo‘lardi. Hozir esa Osiyo chempionatlarida, olimpiada o‘yinlarida nafaqat boks, balki boshqa sport turlarida ham raqobatlashamiz».

«O‘zbekistonlik bokschilar hozirda juda katta o‘sishga erishishdi. Ularda bu borada motivatsiya juda yuqori. Sportchilar terma jamoa a'zosi bo‘lish uchun qo‘lidan barcha ishni qilishadi, barcha imkoniyatlarini ishga solishadi. Bu haqda biz doim o‘z shogirdlarimizga aytib kelamiz».

«O‘tgan safar biz Tailandda o‘tgan Osiyo chempionatida o‘zaro raqobatlashgandik. Bizdan oltita, ulardan ikkita chempion chiqqandi. Filippinda esa bizdan to‘rt nafar sportchi finalga chiqqan, ulardan esa beshtasi. Ammo bizning barcha sportchilarimiz chempion bo‘lishgan, o‘zbekistonliklardan esa faqatgina bittasi».

«Har doim ikkala jamoa o‘rtasida kurash kechgan. Asosan finaldagi o‘zaro bahslarda kim kuchliligini aniqlab olish mumkin. O‘zbeklar jismonan kuchli, tirishqoq va mehnatkash bo‘lishadi. Tabiatan ular shunday «chaqilmas» bo‘lishadi. Shunday ekan, har doim ular bilan raqobatlashib kelganmiz. Ular Qozog‘iston boksidan o‘rganishadi. Bu yerdagi musobaqalarda qatnashishadi va o‘sishga erishadi. Yoshlar o‘rtasidagi musobaqalarda ham, kattalar o‘rtasidagi turnirlarda ham shunday. Bunday raqobatda biznikilar ham o‘sishga erishishadi», deya gapirib o‘tgan murabbiy.

Top