Jahon | 17:23 / 29.10.2015
3661
4 daqiqa o‘qiladi

Saylovlarga tayyorgarlik ko‘rayotgan Turkiyada mustaqillik kuni nishonlanmoqda

Bugun, 29 sentabr kuni Turkiyada mustaqillik kuni nishonlanmoqda.

Janubiy G‘arbiy Osiyoda (hududining 3 foizi, aholisining 20 foizi janubi-sharqiy Yevropada) joylashgan Turkiyaning rasmiy nomi Turkiya respublikasi (turkcha Türkiye Cumhuriyeti) deb ataladi.

Bu mamlakat 1923 yilda Usmoniylar imperiyasining Birinchi jahon urushidan keyin parchalanib ketishi natijasida tashkil topgan. 1923 yilning 29 oktabrida Mustafo Kamol Otaturk tomonidan Turkiya respublikasi e'lon qilingandi.

Mamlakat 1952 yildan beri NATO a'zosi hisoblanadi. 2000 yildan beri Yevropa Ittifoqi a'zoligiga nomzod maqomiga ega. 

Turkiya ma'muriy jihatdan 81ta viloyatga bo‘lingan. Viloyatlar 923ta tumandan iborat.

Qonun chiqarish organi bir palatali parlamentdan — Buyuk Millat Majlisi (Büyük Millet Meclisi)dan iborat bo‘lib, unda 5 yilga saylanadigan 550 deputat faoliyat yuritadi. Davlat rahbari Respublika Prezidenti (Cumhurbaşkanı) deb ataladi. Avvalari prezident parlament tomonidan yetti yillik muddatga saylanardi. Prezident qayta saylanish xuquqiga ega emas edi. 2007 yilning 21 oktabrida va 2010 yil 12 sentabrida bo‘lib o‘tgan referendumlarga ko‘ra konstitutsiyaga o‘zgartish kiritildi va unga ko‘ra Prezident umumxalq tomonidan besh yil muddatga saylanadigan bo‘ldi.

Ijroiy hokimiyat Vazirlar Kengashiga (Bakanlar Kurulu) berilgan bo‘lib, hukumatga bosh vazir (Başbakan) rahbarlik qiladi. Ijroiy va qonun chiqarish organlar ustidan Konstitutsiyaviy nazoratni 11 nafar doimiy va 4 nafar o‘zgarib turuvchi a'zosi bo‘lgan Konstitutsion Sud (Anayasa Mahkemesi) amalga oshiradi.

Shu haftaning yakshanba kuni Turkiyada muddatdan avvalgi parlament saylovlari bo‘lib o‘tadi. Iyul oyida bo‘lib o‘tgan saylovlarda biror bir partiya yakka holda hukumatni shakllantirishga muvaffaq bo‘lmaganidan so‘ng, eng ko‘p ovoz olgan Adolat va Taraqqiyot partiyasi rahbari Ahmad Dovudo‘g‘lu kaolitsiya hukumati tuzishga harakat qildi. Ammo bu kabi sa'y-harakatlar samara bermadi. Aslida qonun bo‘yicha, ikkinchi o‘rinni olgan partiya rahbariga koalitsiya hukumatini shakllantirish topshirilishi ham mumkin edi. Ammo prezident 1 noyabrda muddatdan ilgari saylov o‘tkazishga qaror qildi.

Ayni damda Turkiyada o‘tishi kutilayotgan saylovlarga ko‘pchilik umid ko‘zi bilan qaramoqda. Bu saylov natijalari nafaqat Turkiya uchun, balki muhojirlar inqirozini boshdan kechirayotgan Yevropa va qo‘shni mamlakatlar uchun ham juda muhim hisoblanadi.

Tahlilchilar Turkiyadagi barqarorlik mintaqa davlatlariga ijobiy ta'sir ko‘rsatishini aytishgan.

Mamlakat saylovchilari esa saylovlar ichki mummolarni bartaraf etish yo‘lida tashlanadigan qadam bo‘lishini aytishadi. Saylov natijalari Turkiyadagi iqtisodiy vaziyatga ham ta'sir ko‘rsatishi kutilmoqda. 7 iyuldagi saylovlardan so‘ng turk lirasining dollar va yevroga nisbatan qiymati tushib ketgan edi. Bu o‘z navbatida iqtisodiyotda bir qator muammolarni keltirib chiqardi. Yangi hukumat mana shu muammolarni bartaraf etishi kerak bo‘ladi.

(Muallif: Sharofidin To‘laganov).

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish