Jahon | 12:28 / 29.10.2015
6884
4 daqiqa o‘qiladi

Suriyadagi kurdlar birlashmasi. Turkiya nega Kurdiston muxtoriyati tuzilishiga qarshi?

Bugun, 29 oktabr kuni Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an o‘z mamlakati Suriya hududida kurdlar muxtoriyati tashkil etilishiga "tish-tirnog‘i bilan" qarshilik ko‘rsatishi, zarur bo‘lsa, muxtoriyat tuzilishi oldini olish maqsadida harbiy harakatlar boshlanishi haqida ma'lum qildi.

“Turkiya zarur hollarda nima qilishini o‘zi biladi buning uchun kimningdir ruxsati shart emas”, - deya ta'kidlagan Erdo‘g‘on.

Mazkur bayonot kurdlarning Turiyaning janubiy chegaralariga yaqin Tell-Ab'yard shahrida muxtor viloyat tashkil etishi haqidagi e'lonidan so‘ng bildirilgan. Rasmiy Anqara kurdlarning ushbu e'loni Turkiya milliy xavfsizligiga xavf tug‘dirayotganidan tashvishda.

Biroz oldin bu hudud IShID nazorati ostida edi. Olib borilgan harbiy harakatlar orqali kurdlar bu shaharni qaytarib olishdi.

Ayni vaqtda Suriyada 2011 yilning 26 oktabrida tuzilgan, kurdlarning 16ta partiyasini o‘zida birlashtirgan Kurd milliy kengashi faoliyat ko‘rsatmoqda. Bu tashkilotni Iroq kurdistoni rahbari Ma'sud Barzoniy qo‘llab-quvvatlaydi.

2013 yilning kuzida KMK Abdul Hakim Bashar boshchiligidagi Muxolif va inqilobchilar milliy koalitsiyasi tarkibiga kirgan. KMK Suriyada Bashar Asadning ag‘darilishi tarafdori hisoblanadi va xorijliklarning aralashuvisiz demokratik hukumat tuzilishini istaydi.

Suriyada Kurdiston ishchilar partiyasining 2003 yilda tashkil etilgan filiali "Birlik Demokratik partiyasi" (BDP) ham majud bo‘lib, bu partiya muxtoriyat tashkil etish g‘oyasini olg‘a surmoqda. Bu partiya Xalq himoyasi qo‘shinlari nomi ostidagi harbiy kuchga ega. O‘z navbatida bu partiya Asad bilan murosa qilishga qarshi emas. Tashkilot rahbari Solih Muslim bir necha marta xalqaro doiralardagi muzokaralarda qatnashgan.

2012 yilning 11 iyulida KMK va BDP Suriya kurdlari oliy majlisi tarkibida birlashgandi. SKOM kurdlarning ichki bo‘linishi oldini olish maqsadida tuzilgan va bu tuzilma Suriya shimolidagi tan olinmagan Suriya Kurdistoni hukumati vazifasini bajaradi.

Kurdlar o‘z mudofaa armiyasiga ega va bu armiyada 50 ming atrofidagi harbiy mavjud (2014 yilning sentabr holatiga ko‘ra). Ayni vaqtda soni 65 mingga yetgani aytiladigan bu armiya IShIDga qarshilik ko‘rsatyotgan katta kuchga aylangan. Bu armiya G‘arb davlatlari tomonidan qurol bilan ta'minlab turiladi.

Kurdlarning siyosiy jihatdan millat konsepsiyasiga egaligi va Yaqin Sharqda inqirozga uchrayotgan kuchlar oldida, bugungi kunda tobora Kurdiston Respublikasi yaratilish ehtimoli kuchayib bormoqda. Bashar Asad rejimiga qarshi kurashda SOA (Suriya Ozodlik Armiyasi) mag‘lubiyatga uchraganidan so‘ng G‘arb mamlakatlari kurdlarga Suriya kelajagida istiqbolga ega kuch sifatida qaralib, qo‘llab quvvatlanishi boshlandi. Bu omil Turkiyaning ham Yaqin Sharqdagi urushga tortilishiga olib keldi. Turkiya janubiy chegaralarida Kurdiston davlati paydo bo‘lishidan hayiqib, ichkarida ham, Suriya va Iroqda ham kurdlardga qarshi hujumlarni boshlab yubordi.

Eslatib o‘tamiz, Turkiyada, 20 iyulda “Kurdiston ishchi partiyasi” tomonidan tashkil qilingan terakt va politsiya xodimlarining o‘ldirilishidan keyin vaziyat jiddiy keskinlashdi. Oxirgi uch oy davomida sodir qilingan teraktlar oqibatida 150 nafar politsiya xodimlari, harbiylar va tinch fuqaro halok bo‘ldi.

Turkiya harbiy samolyotlari 24 iyuldan boshlab Suriya va Iroq hududida joylashgan IShID va “Kurdiston ishchi partiyasi” pozitsiyalarini bombardimon qilib kelmoqda.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish