Jahon | 15:22 / 29.10.2015
3088
3 daqiqa o‘qiladi

WSJ: Xalqaro valyuta jamg‘armasi Ukraina sabab o‘z qoidalarini qaytadan yozadigan bo‘ldi

Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) Ukraina sabab, ya'ni Ukraina Rossiya oldida defolt (to‘lov majburiyatlarini bajara olmaslik) bo‘lgan taqdirda ham mamlakatga kredit berishni davom ettirish uchun o‘z qoidalarini qayta yozishga tayyor. Bu haqda The Wall Street Jornal nashri manbalarga iqtibos keltirgan holda xabar berdi.

Jamg‘armaning amaldagi qoidalari unga agar biror davlat hattoki tanlanma defoltga yo‘l qo‘ygan bo‘lsa ham uni kreditlashni davom ettirishga imkon bermaydi. Ayni paytda Ukraina yevrobondlar bo‘yicha 3 mlrd dollarlik qarzini to‘lashi kerak. Bu kredit 2013 yil dekabrda Ukrainaning sobiq prezidenti Viktor Yanukovich paytidayoq olingan. Rossiya va Ukraina bu borada turli fikr bildirmoqdalar: Rossiya bu qarzni davlat qarzi deb talqin qilib, uni 2015 yilning oxirigacha to‘lashni talab qilmoqda. Ukraina esa, aksincha, bu xususiy qarzligini aytib, qarz Ukrainaning qolgan kreditlar oldidagi 17 mlrd dollarlik qarzi kabi restrukturizatsiya qilinishi kerakligini aytmoqda.

XVJ qoidalarining o‘zgarishi Turkiyada “katta yigirmatalik” davlatlari uchrashuvidan keyin ro‘y berishi taxmin qilinmoqda. XVJning yirik aksionerlari, ya'ni aynan AQSh va g‘arb davlatlari XVJ qoidalariga o‘zgartirish kiritmoqchi.

XVJ aksionerlari bu qoidalarni rivojlanayotgan davlatlarning global iqtisodiyotga jalb qilinishini oshirish maqsadida avvalroq, 2013 yil aprelida o‘zgartirmoqchi bo‘lgan edi. Biroq siyosiy va byurokratik to‘siqlar buni tezkorlik bilan amalga oshirishga imkon bermagan edi.

“XVJ qoidalarining isloh qilinishi, jumladan biror davlat oldida bloklovchi defolt qoidalaridan voz kechish anchadan beri XVJ tomonidan ko‘rilayotgan edi”, deb aytdi XVJ matbuot xizmati.

Avvalroq Ukraina bosh vaziri Arseniy Yatsenyuk Ukraina Rossiya oldidagi qarzini xususiy kreditorlar bilan muzokaralar doirasida kelishilgan shartlar asosidagina uzishga tayyorligini aytgan edi. Aks holda Ukraina bu qarzni to‘lashga taqiqlov qo‘yishi mumkin.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish