Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Manba: Shimoliy Koreya yadro poligonida yangi tunnel quradi
Shimoliy Koreya mamlakat shimolidagi Pangiri poligonida yadroviy sinovlar o‘tkazish uchun yana bir tunnel quradi. Bu haqda Janubiy Koreyadagi nashrlarga asoslangan holda Reyter xabar bergan.
Janubliklar razvedka xizmati vakili ushbu tunnel yadroviy sinov o‘tkazishga tayyorlik doirasida qurilishini, lekin yaqin orada yadro sinovi o‘tkazilishi haqida ma'lumot yo‘qligini bildirgan.
Janubiy Koreya birlashuv vazirligi Chjon Chjun Xining aytishicha koreyaliklar AQSh bilan hamkorlikda rasmiy Pxenyanning barcha qadamlarini muntazam ravishda kuzatib bormoqda.
Ushbu tunnel qurilishi haqidagi xabar Seulda Yaponiya, Xitoy va Janubiy Koreya Respublikasi rahbarlari o‘rtasidagi uchrashuv o‘tkazilishi arafasida paydo bo‘ldi. Bu uchrashuvda Shimoliy Koreya tomonidan mavjud yadroviy tahdid muammosi muhokama etiladi.
AQSh Mudofaa vaziri Eshton Karter Seulga ushbu uchrashuvda qatnashish uchun yetib keladi.
Ma'lumot uchun, KXDR shu vaqtgacha 3 marta (2006, 2009, 2013 yillarda) yadro sinovi o‘tkazgan. Oxirgi sinovdan keyin dunyo hamjamiyati, (shu jumladan KXDRning eng yaqin ittifoqchisi Xitoy ham) o‘z xavotirlarini bildirishgandi.