Sport | 15:26 / 30.10.2015
2096
2 daqiqa o‘qiladi

Mexikoda 23 yildan keyin yana «Formula-1» poygalari o‘tkaziladi

23 yil muddat o‘tib «Formula-1» bo‘yicha poygalar bosqichi Meksika poytaxti Mexikoda bo‘lib o‘tadi. Aka-aka Rodriges avtodromida bo‘lib o‘tadigan musobaqa bu yilgi chempionatning 17-etapi bo‘ladi. Musobaqada intriga faqatgina kim ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni egallashida qolgan.

Rossiyaning Sochi shahrida bo‘lib o‘tgan bosqichda «Mersedes» konstruktorlar kubogida g‘alabani naqd qilgan bo‘lsa, AQShning Ostin shahrida bo‘lib o‘tgan poygalarda britaniyalik Lyuis Hemilton shaxsiy hisob-kitoblar bo‘yicha birinchi o‘rinni muddatidan oldin o‘ziniki qilib olgandi.

Ikkinchi o‘rin uchun kurash nemis sportchisi Sebastyan Fettel («Ferrari», 251 ochko) va uning vatandoshi Niko Rosberg («Mersedes», 247) o‘rtasida kechmoqda. Konstruktorlar bahsida esa «Ferrari» ikkinchi o‘rinda bormoqda (374), italyan jamoasini «Uilyams» (220) va «Red Bull» (150) jamoalari ta'qib qilib kelmoqda.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish