14:33 / 30.10.2015
7425

Olimlar allergiyaning kelib chiqishi sabablarini tushuntirib berishdi

Olimlar allergiyaning evolyutsion manbalarini aniqlashdi: biologlar birinchi marta molekulyar darajada allergik reaksiyalar keltirib chiqaruvchi ozuqa va atrof-muhitdagi oqsillar va ko‘p hujayrali parazitlar oqsillari o‘rtasida o‘xshashlik borligini aniqlashdi. Yangi kashfiyot haqida PLOS Computational Biology jurnalida ma'lum qilindi.

Yangi tadqiqot allergik reaksiyalar atrof-muhitdagi zararsiz moddalarga yanglish immun javob ekanligi haqidagi fikrni tasdiqladi. Ma'lumki, inson immun tizimi qurt-parazitlar ko‘tara oladigan kasalliklarga qarshi kurashish maqsadida evolyutsiya davomida shakllangan. Biroq bu qurtlar zamonaviy tibbiyot vositalari bilan haydalgandan keyin immun tizimidagi ba'zi tarkibiy qismlar ozuqa va havodagi ba'zi allergenlarni yanglish tarzda o‘z dushmanlari sifatida qabul qiladi.

London gigiyena va tropik tibbiyot maktabi xodimi Nikolas Fernxem va uning hamkasblari hisoblash biologiyasi usullari bilan qurt-parazitlar organizmidagi qaysi oqsillar allergik reaksiyaga o‘xshash immun reaksiyasini chaqirishga qodir ekanligini hisoblab chiqishdi. Olimlar birinchi marta faqatgina o‘simliklar genlari bilan kodlanadigan oqsilga to‘liq o‘xshash oqsilni aniqlashga muvaffaq bo‘ldilar. Bu oqsil o‘simlik changchilarida (o‘simliklarning erkak jins hujaylari) uchraydi va eng ko‘p tarqalgan allergenlardan hisoblanadi.

“Allergiya bu odamzod parazitlardan himoyalanish uchun to‘layotgan bahodir”, deb aytdi Fernxem.

2015 yilda oddiy turmush tarzi kechiradigan xalqlarni o‘rganish bo‘yicha bir nechta tadqiqotlar natijalari ma'lum qilindi: ularning organizmida zamonaviy sanoatlashgan jamiyatlar vakillarida uchraydigan turli kasalliklardan himoyalovchi ko‘plab bakteriyalar va parazitlar borligi aniqlandi. Misol uchun, treponema va boshqa ichak mikroblarini yo‘qotish (Janubiy Amerika ovchilar organizmlarida katta miqdorda aniqlangan) autoimmun kasalliklar (jumladan, kolit (yo‘g‘on ichak yallig‘lanishi) va Kron kasalligi (oshqozon-ichak yo‘li yallig‘lanishi)) paydo bo‘lishiga imkon beruvchi omillardan biri bo‘lishi mumkin.

Top