22:45 / 31.10.2015
6140

Rossiya va Misr Airbus 321 samolyoti terrorchilar tomonidan urib tushirilgani haqidagi axborotni rad etdi

Rossiya transport vazirligi OAVlarda Rossiyaning Airbus 321 yo‘lovchi samolyoti Misrda jangarilar tomonidan zenita raketasi bilan urib tushirilgani haqidagi axborotni rad etdi. Bu haqda Rossiya transport vaziri Maksim Sokolovga iqtibos keltirgan holda RIA “Novosti” xabar berdi.

“Hozir turli OAVlarda Sharm-ash-Shayhdan Sankt-Peterburgga uchgan Rossiya samolyoti go‘yoki jangarilar tomonidan zenita raketasi bilan urib tushirilgani haqida turli ma'lumot paydo bo‘lmoqda. Bu axborot ishonarli deb hisoblanishi mumkinmas”, deb aytdi Sokolov.

Sokolovning ta'kidlashicha, Rossiya misrlik hamkasblari bilan yaqindan hamkorlik qilmoqda va ularda ayni paytda samolyot jangarilar tomonidan urib tushirilgani haqidagi uydirmani tasdiqlovchi birorta ham ma'lumot yo‘q.

Shuningdek, o‘z navbatida Misr Mudofaa vazirligi ham bu ma'lumotni inkor etdi.

“Bu xabar haqiqatga mos emas, samolyot urib tushirilmagan”, deb aytdi Mudofaa vazirligidagi manba.

Top