Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ruminiyadagi tungi klubda yuz bergan portlash oqibatida kamida 25 kishi halok bo‘ldi
Ruminiya poytaxti Buxarestdagi tungi klubda yuz bergan portlash va buning natijasida chiqqan yong‘in oqibatida kamida 25 kishi halok bo‘ldi, 88 kishi shifoxonalarga yetkazildi, deb xabar bermoqda Reuters axborot agentligi.
Hozircha portlash sabablari noma'lumligicha qolmoqda.
Ruminiya bosh vaziri o‘rinbosari Gabriel Opryaning aytishicha, “ayni paytda 25 kishi halok bo‘lgan”. Voqea joyida yuzlab “tez yordam” mashinalari va o‘t o‘chirish mashinalari barcha jabrlanganlarni evakuatsiya qilish bo‘yicha ish olib borgan.
Ruminiya ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Rayed Arafatning ma'lum qilishicha, tungi klubda o‘tkazilayotgan konsert paytida 400 ga yaqin odam bo‘lgan va halok bo‘lganlar soni oshishi mumkin. Tungi klubdan qochib chiqqan erkakning aytishicha, tungi klubdagi odamlar orasida sarosima va binodan chiqaverishda tiqilinch yuzaga kelgan.
Arafatning aytishicha, odamlarning bir qismi o‘z avtomobillarida va taksilarda shifoxonaga yo‘l olganlar. Hozirda 145 kishi shifokorlarga murojaat qilgani aytilmoqda.
Arafatning ta'kidlashicha, hozirda shifoxonalarda yuzaga kelgan navbatni bartaraf etish va jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.