Jahon | 21:03 / 31.10.2015
2291
1 daqiqa o‘qiladi

Turkiyada o‘tadigan saylovlarni 380 ming nafarga yaqin politsiya xodimi qo‘riqlaydi

Turkiya ichki ishlar vazirligining ma'lum qilishicha, 1 noyabrda mamlakatda muddatdan oldin bo‘lib o‘tadigan parlament saylovlarini 380 ming nafarga yaqin politsiya va jandarmeriya xodimi qo‘riqlab boradi. Mehnat ta'tilidagi barcha xodimlar ham bu ishga safarbar etiladi. Mahalliy matbuot xabariga ko‘ra, Istambulda 37 ming nafar huquqni muhofaza qiluvchi xodim navbatchilik qiladi.

Anqarada esa 12 ming nafar politsiya va jandarmeriya xodimi safarbar etiladi. Shaharda favqulodda holatlar sodir bo‘lgan taqdirda qo‘shimcha kuchlar oyoqqa turg‘iziladi. Terakt xavfi yoki xalq qo‘rquvi yuqori hududlarda esa armiya madadiga suyaniladi.

Saylovlar tugaganidan so‘ng, ovoz berilishi qayd etilgan byulletenlar maxsus zirhlangan mashinalarda, politsiya va jandarmeriya nazorati ostida saylov qo‘mitasiga yetkaziladi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish