00:33 / 01.11.2015
5765

Ahrol Inoyatov: Kelishilgan o‘yinlarni aniqlash guruhida Babayan va Shkvirin bor, Mirsodiqov chetlatilgan

"Sport" telekanalining "Sokker klub" ko‘rsatuvining yangi soni kelishilgan o‘yinlarga qarshi kurashga qaratildi. Ushbu ko‘rsatuv doirasida O‘FF qoshidagi "Kelishilgan o‘yinlarga qarshi kurash" qo‘mitasi rahbari Ahrol Inoyatovdan ham intervyu olingan.

- Kelishilgan o‘yinlarni aniqlovchi mutaxassislar guruhidan kimlar o‘rin olganini nomma-nom sanab bera olasizmi?
- Ha, albatta, ular - Samvel Babayan, Igor Shkvirin, Sardor Rahmatullayev, Farhod Magometov, Baxtiyor Boboyev, Ravshan Ermatovlar. Hozir mana Kapadzeni jalb etishni ko‘zlab turibmiz. Keyinchalik "Neftchi" va "Nasaf"dan ham vakillar bo‘ladi.

- Siz aytgan mana shu mutaxassislar orasida kelishilgan o‘yinlarda ishtirok etganlar yo‘qligiga kafolat bera olasizmi?
- Agar kimdir o‘z nomiga dog‘ tushirgan bo‘lsa, ular safimizdan o‘chiriladi. Masalan ilgari mutaxassislar guruhida Rustam Mirsodiqov ham bor edi, ammo uni hozir chetlatganmiz.

- Demak shu vaqtgacha bo‘lgan oraliqda bir kishi shubhali o‘yinlarda ishtirok etishga ulgurib ham qo‘ygan.
- Ha.

Eslatib o‘tamiz, O‘FF prezidenti Mirabror Usmonov joriy mavsum boshlanishi oldidan kelishilgan o‘yinlarda ishtirok etganlar qattiq jazolanishini aytgan edi. O‘z navbatida 2015 yilning 25 sentabrida bo‘lib o‘tgan "Paxtakor" - "Metallurg" o‘yini (3:2) shubhali deb topilgan va "Metallurg" bosh murabbiyi Rustam Mirsodiqov mavsum oxiriga qadar futboldan chetlatilgan. O‘FF prezidenti Mirabror Usmonov "Paxtakor" klubiga nisbatan mavsum oxirida qat'iy jazo choralani ko‘rilishini va'da qilgan edi.

Manba: www.uff.uz

Top