Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
FVV samolyoti Sankt-Peterburgga A321 qurbonlaridan 80 nafarining jasadi olib qaytmoqda
Misrda qulab tushgan A321 samolyoti yo‘lovchilarining jasadlari ortilgan ilk samolyot bugun kechasi Sankt-Peterburgga kelishi kutilmoqda. Bu haqda "Rossiya 24" telekanalida ma'lum qilingan.
"Ilk samolyot Qohiradan soat 9da uchishi kerak edi. Lekin ma'lum sababga ko‘ra parvoz kechiktirilgan. Endi bu samolyot bugun kechgacha Sankt-Peterburgga qo‘nishi kutilmoqda", deyiladi xabarda.
Telekanal muxbirining ma'lumot berishicha, bu samolyotda marhum yo‘lovchilardan 80 nafarining jasadi olib kelinadi.
Biroz oldinroq, Rossiya FVV rahbari qutqaruvchilar marhum yo‘lovchilarning barcha jasadlari yaqin vaqt ichida aniqlanishi haqida aytib o‘tgandi.
Eslatib o‘tamiz, 31 oktabr kuni Misr vaqti bilan 6:51 da (Toshkent vaqti bilan 9:51) Rossiyaning "Kogalimavia" aviakompaniyasiga tegishli Sharm ash-Shayx — Sankt-Peterburg yo‘nalishi bo‘yicha 9268 reysini amalga oshirayotgan Airbus-321 layneri parvozga ko‘tarilgandan 23 daqiqa o‘tib radarlar ekranidan yo‘qoldi. Mazkur samolyot bortida 217 nafar yo‘lovchi va yetti nafar ekipaj a'zosi bo‘lgan.