O‘zbekiston | 18:03 / 01.11.2015
7341
2 daqiqa o‘qiladi

«S5+1» Markaziy Osiyo - AQSh hamkorlik formati tashkil etiladi

Samarqand shahridagi Forumlar majmuasida 1 noyabr kuni Markaziy Osiyoning besh mamlakati va Amerika Qo‘shma Shtatlari tashqi siyosat mahkamalari rahbarlarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi xabar berdi.

Xabarda keltirilishicha, uchrashuvda AQSh Davlat kotibi Jon Kerri, Qozog‘iston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Yerlan Idrisov, Qirg‘iziston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Erlan Abdildayev, Tojikiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Aslov, Turkmaniston tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov ishtirok etdi.
Majlisda siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalarda o‘zaro hamkorlik istiqbollari to‘g‘risida fikr almashildi, xalqaro va mintaqaviy dolzarb masalalar muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunida Markaziy Osiyoning besh mamlakati va AQSh o‘rtasida Sheriklik va hamkorlik to‘g‘risida qo‘shma deklaratsiya qabul qilindi. Tadbir ishtirokchilari olti davlat tashqi siyosat mahkamalari o‘rtasida umum manfaatdor masalalar yuzasidan muntazam siyosiy muloqot o‘tkazish bo‘yicha o‘zaro hamkorlikning yangi formati – «S5+1»ni tashkil etishni ma'qulladi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish