19:49 / 01.11.2015
2613

Turkiya prezidenti mamlakatda barqarorlik uchun ovoz berishga chaqirdi

Turkiya prezidenti Toyib Erdo‘g‘an 1noyabr kuni muddatdan avvalgi parlament saylovlarida ishtirok etdi. U Istanbuldagi saylov uchastkasida o‘z ovozini berdi.
“Mamlakatimizga baxt tilayman. Bu saylovlar 7 iyundagi saylovlar barqarorlik keltirmagani va hukumat sokinlik bilan shakllantirilmaganidan so‘ng o‘ta muhim hisoblanadi. Barqarorlik muhim, bizning fuqarolarimiz mazkur tanlovni amalga oshiradi. Xalq irodasi hurmat qilinishi kerak”, - dedi Erdo‘g‘an.

Qayd etilishicha, Turkiyadagi saylovlarda jiddiy hodisalar kuzatilmagan. Politsiya va jandarmeriya kuchaytirilgan xavfsizlik choralarini ko‘rgan. Saylov uchastkalari yaqinida tartibni saqlash qismlari navbatchilik qilmoqda. Asosiy chorrahalarga qo‘shimcha postlar tashkil etilgan.

Eslatib o‘tamiz, 1 noyabr kuni Turkiyaning 56 milliondan ziyodroq fuqarolari muddatdan oldingi parlament saylovlarida qatnashmoqda. Saylovlarda 16ta partiya va 21 nafar mustaqil nomzod ishtirok etmoqda. Shu maqsadda mamlakatda 175 ming ovoz berish nuqtalari ish olib bormoqda.

Avval bo‘lib o‘tgan saylov natijalariga ko‘ra, mamlakat bosh vaziri Ahmad Dovuto‘g‘lining ATP saylovlarda 40,6 foiz ovoz to‘plab yetakchilik qilgan edi. Biroq ular parlamentdagi 550 o‘rinning 258tasini egallab, 12,5 yil ichida birinchi marta konstitutsion ko‘pchilik maqomiga ega bo‘lish uchun to‘planish lozim bo‘lgan 276ta o‘rinni qo‘lga kirita olmagan edi. XRP va XDP partiyalari esa 132 hamda 80 deputatlik o‘rnini qo‘lga kiritdi. Parlamentda hukumatni shakllantirish bo‘yicha kelishuvlarga erishilmagani bois 2015 yilning 7 iyunida bo‘lib o‘tgan saylov natijalari bekor qilinib, muddatdan avvalgi saylovlar o‘tkazish belgilandi.

1 noyabrda bo‘lib o‘tayotgan saylovlar xavfsizligini ta'minlashga 380 ming nafardan ziyod huquq-tartibot organlari safarbar qilingan.

Top