Jahon | 21:06 / 02.11.2015
10913
2 daqiqa o‘qiladi

Manba: "Tolibon" jangarilari o‘zi uchun boshqa rahbar tanladi

Afg‘onistondagi toliblarning aksar qismi Mulla Umarning o‘limi e'lon qilinganidan keyin tashkilotning yangi rahbari sifatida tan olingan Mulla Mansurdan norozi bo‘lishda davom etishdi va yangi rahbar tanlashdi. Bu haqda dala komandirlaridan biriga asoslanib, Reyter agentligi xabar bergan.

Agentlikka ma'lum qilinishicha, jangarilar o‘zlari uchun Mulla Muhammad Rasul Oxunni yangi rahbar sifatida tanlashgan. U o‘z vaqtida marhum Mulla Umarning yaqin va ishonchli kishilaridan biri bo‘lgan.

Aytilishicha, Mulla Mansurdan norozi bo‘lgan jangarilar unga qarshi urush olib borish niyatida emas va uni tinchlik bilan hokimiyatdan chetlatishmoqchi. Ular Mulla Mansurdan Mulla Umarning o‘limini 2 yil davomida sir saqlab kelgani uchun norozi bo‘lishgan.

Qayd etish kerakki, shu yilning yozida Mulla Umarning o‘limi tasdiqlangach, jangarilar Afg‘onistondagi harbiy harakatlari ko‘lamini kengaytirishdi va tog‘dan tekislikka tushib, katta shaharlarga hujum qila boshlashdi. Xususan, sentabr oyi oxirida tolibonlar 300 ming kishi yashaydigan Qunduz shahrini egallab olishdi va 10 kun davomida o‘z nazoratida saqlab turdi. Keyinroq jangarilar G‘azna va Kobul tumanlariga jiddiy hujumlar uyushtirishdi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish