01:58 / 02.11.2015
12871

Qozog‘istonda birinchi marta noqonuniy tarzda inson buyragi olinib, sotish holati qayd etildi

Qozog‘istonda birinchi marta noqonuniy tarzda inson a'zolari olinib, sotish holati qayd etildi. 40 yoshli olmaotalik qarzga botgani sabab o‘zining buyragini sotishga majbur bo‘ldi, biroq xaridorlar uni aldashdi.

Erkak qarzlaridan qutulish maqsadida Ostonaga yo‘l oldi. O‘z buyragini sotish unga kerakli pulga ega bo‘lishning oson yo‘li bo‘lib tuyuldi. Donor xaridorni qiyinchiliksiz internetda topdi. Ostonalik ayol o‘z qiziga 4 mln tengega buyrak sotib olmoqchi bo‘ldi.

Biroq operatsiyadan keyin ayol o‘z munosabatini keskin o‘zartirib, erkakka pulni berishda o‘zini paysalga solishni boshlagan. Ayol uni shifoxonadan u ishlayotgan kottejga olib borgan hamda hozircha shu yerda ishlab turishi, pul bo‘lishi bilan u bilan hisob-kitob qilishlarini aytgan.

Jabrdiydaning aytishicha, xaridorlar nafaqat uni aldashgan, balki uni do‘pposlab, uylaridan haydab chiqarishgan. Bir necha kunlik sarson-sargardonlikdan keyin erkak militsiyaga murojaat qilishga qaror qilgan. Endi ushbu ish bilan tergovchilar shug‘ullanmoqda. Qozog‘istonda organlar sotish qonunan taqiqlangan. Faqatgina beg‘araz tarzda donorlik qilish mumkin.

“Odam hayotligida o‘z tana a'zolarini kimgadir o‘limidan keyin vasiyat qilib qoldirishi haqida ariza yozib, uni notarial tarzda tasdiqlashi mumkin. Faqatgina shu holda uning ichki a'zolaridan foydalanish mumkin”, deb aytdi Qozog‘iston parlamenti deputati Nadejda Petuxova.

Bugungi kunda internetda ichki a'zolar sotilishi haqida ko‘plab e'lonlarni uchratish mumkin. O‘nlab qozog‘istonliklar mo‘may pul evaziga buyraklari yoki jigarlarini osonlikcha sotib yuborishga tayyorlar. Jamoatchilik vakillarining fikricha, inson a'zolari sotiladigan yashirin bozorni yo‘q qilish uchun ularni sotishni qonuniylashtirish kerak.

“Ular nima sababdan ichki a'zolarini sotayotganlari ahamiyatsiz. Bunday holatlar bo‘laveradi. Ichki a'zolarini sotmoqchi bo‘lganlar buni qonuniy qila olishlari uchun qonunchilikka o‘zgartirish kiritmasak, ular xorijga ketib buni amalga oshirishlari mumkin, unda biz bu odamning umuman izini topa olmasligimiz mumkin”, deb aytdi odam savdosi qurbonlariga yordam berish krizis markazi direktori Anna Ril.

Krizis markazi xodimlari olmaotalikka advokatlar taqdim qildilar. Qozog‘iston uchun misli ko‘rilmagan bu voqeani sudgacha olib chiqishmoqchi, ungacha aldangan donor bitta buyrak bilan yashashga ko‘nikmoqda.

Qozog‘istonlik politsiyachilar ham bunday holatga birinchi bor duch kelishmoqda. Ushbu jinoyat “Tirik shaxsning organlari va to‘qimalari bo‘yicha noqonuniy bitimlar amalga oshirish” moddasi bo‘yicha tergov qilinadi. Aybdorlar 5 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.

Top