Rossiya yo‘lovchi samolyoti falokatga uchragan joy koinotdan suratga olindi
Rossiya FVV matbuot xizmati "Kogalimavia" samolyoti halokatga uchragan hududni monitoring qilish maqsadida sun'iy yo‘ldoshdan olingan tasvirlarni e'lon qildi. Shuningdek, Airbus-321 qulagan joy vertolyot yordamida tasvirga tushirilgan video ham internetga joylashtirildi.
FVV qutqaruvchilari tomonidan olingan videotasvirlar samolyot parchalari keng hudud bo‘ylab sochilib ketganidan guvohlik bermoqda.
Ayni paytda yo‘lovchilar va ekipaj a'zolari jasadlari qidirilayotgan maydon 20 kvadrat kilometrni tashkil etmoqda. Bu diagonali sakkiz va to‘rt kilometr bo‘lgan ellips shaklidagi hududdir.
Shuningdek, layner bo‘laklari qulagan joylarda uchuvchisiz boshqariladigan uskunalardan ham foydalanilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 2015 yilning 31 oktabr kuni Rossiyaning "Kogalimavia" aviakompaniyasiga tegishli Airbus-321 layneri parvozga ko‘tarilgandan 23 daqiqa o‘tib radarlar ekranidan yo‘qolgan edi. Mazkur samolyot bortidagi 217 nafar yo‘lovchi va yetti nafar ekipaj a'zosining barchasi halok bo‘lgan.