08:39 / 03.11.2015
7831

Islom Karimov Misrdagi aviahalokat yuzasidan Putinga hamdardlik bildirdi

O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov Rossiya prezidenti Vladimir Putinga Misrda Rossiya samolyotining halokatga uchrashi yuzasidan hamdardlik bildirdi. Bu haqda Kreml saytida xabar qilingan.

Eslatib o‘tamiz, 31 oktabr kuni yuz bergan aviahalokatda «Sharm ash-Shayx — Sankt-Peterburg» 9268 reysi bilan uchayotgan A321 samolyoti bortida bo‘lgan 217 nafar yo‘lovchi va 7 nafar ekipaj a'zosi halok bo‘ldi.

1 noyabr kuni Rossiyada ularning xotirasiga motam e'lon qilindi.

Uch kundirki, Toshkent aholisi shanba kuni Misrning Sinay yarim orolida qulab tushgan Metrojet aviakompaniyasi samolyotida halok bo‘lgan yo‘lovchilar xotirasiga Rossiyaning Toshkentdagi elchixonasiga gul keltirmoqda.

Rossiyaning O‘zbekistondagi elchixonasida Misrda falokatga uchragan samolyot qurbonlari xotirasiga ta'ziyalar kitobi ochilgan.

"Biz telefon orqali, maktublar yuborib, ijtimoiy tarmoqlarda va elchixonaga kelib, o‘z hamdardliklarini izhor etayotgan o‘zbekistonliklardan minnatdormiz. Rossiya diplomatiya missiyasi darvozasi oldida gul, motam gulchambarlari, sham va yozuvlarni ko‘rish mumkin. O‘tkinchilar to‘xtab, aviahalokat qurbonlari xotirasiga hurmat bajo keltirmoqda", deyiladi Rossiyaning Toshkentdagi diplomatiya missiyasi xabarida.

Top