18:34 / 03.11.2015
4300

Kreml: A321 halokatini Rossiyaning Suriyaga kirishi bilan bog‘lamaslik kerak

Rossiya prezidenti Vladimir Putinning matbuot xizmati boshlig‘i Dmitriy Peskovning ma'lum qilishicha, Misrda A321 yo‘lovchi samolyoti qulab tushishi Rossiya tomonidan Suriyada harbiy amaliyotlar o‘tkazayotgani bilan aloqador emas.

"Rossiya samolyotlarining Suriyada jangarilarga qarshi harbiy amaliyotlar o‘tkazayotgani va Misrda A321 samolyoti halokatga uchrashi, ikkita alohida mavzu. Halokatning barcha sabablari o‘rganiladi va ushbu halokatni, albatta, Rossiyaning Suriyadagi harbiy operatsiyasi bilan bog‘lash kerak emas", deya ta'kidlaydi Peskov.

U ayni vaqtda keng miqyosda tekshiruv ishlari olib borilayotgani haqida aytib o‘tgan.

"Biz avval ham aytganmiz, yana ta'kidlaymiz, halokatning sabablari o‘rganiladi va o‘rnatiladi. Tekshiruv ishlari bo‘yicha natijalar jamoatchilikka ma'lum qilib boriladi", deydi u.

Eslatib o‘tamiz, 31 oktabr kuni Misr vaqti bilan 6:51 da (Toshkent vaqti bilan 9:51) Rossiyaning "Kogalimavia" aviakompaniyasiga tegishli Sharm ash-Shayx — Sankt-Peterburg yo‘nalishi bo‘yicha 9268 reysini amalga oshirayotgan Airbus-321 layneri parvozga ko‘tarilgandan 23 daqiqa o‘tib radarlar ekranidan yo‘qoldi. Mazkur samolyot bortida 217 nafar yo‘lovchi va yetti nafar ekipaj a'zosi bo‘lgan.

"Kogalmavia" kompaniyasi vakili ta'kidlashicha, A321 halokati tashqi sabablarga ko‘ra yuz bergan.

Sinay yarim orolida halokat joyini ko‘zdan kechirgan ekspertlar samolyot havoda parchalanib ketganini ta'kidlashdi.

"Kogalmavia" kompaniyasi vakillari samolet dvigateli yoki boshqa tizimi ishdan chiqishi natijasida havoda parchalanib ketishi mumkin emas. Samolyot halokati tashqi ta'sir natijasida sodir bo‘lgan deyishmoqda.

Kompaniya ma'lumotiga qaraganda, halokat sodir bo‘lgan vaqtda A321 ekipaji samolyot boshqaruvi nazoratini butunlay yo‘qotishgan. Halokatga uchragan samolyot oldin dum qismida jarohatlangan bo‘lgani ham ma'lum bo‘ldi, lekin parvoz oldidan samolyot to‘liq texnik nazoratdan o‘tgan.

Halokat munosabati bilan Sankt-Peterburgda uch kunlik motam e'lon qilingan. Dunyoning ko‘plab mamlakatlari rahbarlari, jumladan AQSh Davlat kotibi Jon Kerri, Qozog‘iston, Bosniya va Gertsogovina, JAR, Chexiya, Eritreya, Sudan, Slovakiya, Suriya, Singapur, Seyshel orollari, BAA, Mo‘g‘uliston, Mali, Janubiy Koreya, Qirg‘iziston va Vetnam rahbarlari, Monako qiroli, Ummon sultoni, Kuba rahbari Raul Kastro, Afg‘oniston sobiq rahbari Hamid Karzay va Norvegiya bosh vaziri halokat munosobati bilan Rossiya prezidentiga va xalqiga samimiy hamdardlik bildirmoqda.

Top