Jamiyat | 09:30 / 03.11.2015
2138
2 daqiqa o‘qiladi

Ruminiyada yong‘in chiqqan klub rahbarlari hibsga olindi

Buxarest politsiyasi o‘tgan haftada yong‘in chiqib, 31 kishining o‘limiga sabab bo‘lgan mahalliy tungi klubning uch nafar rahbarini hibsga oldi, deya xabar berdi VVS.
Qo‘lga olinganlarga nisbatan qasdda qilinmagan qotillik aybi qo‘yilishi mumkin, biroq hozircha ular bilan ko‘p soatlik so‘roqlar o‘tkazilmoqda.

Dastlabki taxminlarga ko‘ra, yong‘in sahnaga rok-guruh chiqqan vaqtida otilgan mushaklar natijasida kelib chiqqan.
Bu paytda zalda jami 400 kishi bo‘lgan, yong‘in boshlanganidan so‘ng to‘polon boshlangani sababli ko‘pchilik tezda tashqariga chiqa olmay qolgan.

Guvohlarning qayd etishicha, klubda mushakbozlik bilan o‘tkaziluvchi konsertlar uchun belgilangan xavfsizlik talablariga to‘liq ham rioya qilinmagan, avariyaviy chiqish yo‘li bo‘lmagan va hamma joy tez alangan oluvchi shovqin yutadigan materiallar bilan o‘ralgan bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, 31 oktabrga o‘tar kechasi Ruminiya poytaxti Buxarest shahridagi tungi klubda yong‘in sodir bo‘lgan edi. O‘sha vaqtda klubda bo‘lganlarning 150 nafarga yaqini turli darajadagi kuyish va is gazidan zaharlanish jarohatini olgan. Vafot etganlar soni 31 nafarga yetdi. Fojia munosabati bilan mamlakatda uch kunlik motam e'lon qilindi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish