O‘zbekiston | 17:27 / 03.11.2015
4247
2 daqiqa o‘qiladi

Sportchilar, murabbiylar va hakamlarga qo‘yiladigan talablar o‘zgartirildi

Madaniyat va sport ishlari vazirligining buyrug‘i bilan sportchi, murabbiylar va hakamlarga qo‘yiladigan kvalifikatsion talablarga o‘zgartishlar kiritildi, deb xabar beradi Norma.uz.

Aytilishicha, endilikda kvalifikatsion talablar terma jamoa a'zolari hamda sportchi-instruktorlarga yosh prinsipi asosida qo‘yiladi. Jumladan, terma jamoa a'zolari hamda sportchi-instruktorlar katta yoshli jamoalarda “Sport ustaligiga nomzod” kategoriyasi yoki “Xalqaro toifasidagi O‘zbekiston sport ustasi” yoki “O‘zbekiston sport ustasi” sport unvoniga, yoshlar jamoalarida kamida bitta sport razryadiga, o‘smirlar jamoalarida esa kamida bolalar uchun birinchi sport razryadiga ega bo‘lishi lozim.

Bundan tashqari, “oddiy” sportchidan tashqari kvalifikatsion talablar paralimpiya va surdlimpiya sport turlari bo‘yicha terma jamoalar a'zolariga qo‘yilmaydi.
“Murabbiy-o‘qituvchi” kvalifikatsion kategoriya emas, lavozim bo‘lgani tufayli terma jamoaning bosh va katta murabbiylari “Oliy kategoriya murabbiyi” kategoriyasiga, terma jamoa murabbiyi esa “Birinchi kategoriya murabbiyi” kategoriyasiga ega bo‘lishi ko‘zda tutilgan.
Buyruq O‘zR qonunchilik to‘plamida 2 noyabrda nashr qilinishi bilan kuchga kirdi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish