Jamiyat | 20:31 / 04.11.2015
3149
3 daqiqa o‘qiladi

Adabiyotshunos davlat tilini mensimaganlarni jarimaga tortishni taklif qildi

O‘zbekistonlik adabiyotshunos olim Zuhriddin Isomiddinov “Oila davrasida” gazetasida chop etilgan intervyusida turli soha vakillari tomonidan til masalasida yo‘llangan savollarga javob berdi.
Avvalambor, u filmlar va seriallarda Toshkent shevasida gapirilishini tanqid ostiga olindi.

“Voqea Qarshi yo Qo‘qonda kechadi, ammo kinoda o‘sha yerlik deb taqdim etilayotgan odamlarning deyarli hammasi, hatto boshiga lachak o‘rab olgan “chet bir qishloqdagi kampir” ham Toshkent shevasini qiyib tashlaydi, - ta'kidladi mutaxassis. – “men” deb, “katta” deb tili chiqqan aktyorlar ham shahar havosi tufayli “manman”siraydigan, “kotta” ketadigan bo‘lib qoldi”, - dedi u.

Shu bilan birga, mutaxassis jurnalistika tilining ortiq darajada rasmiylashib ketgani, xalq tilidan uzoqlashib ketayotganini tanqid ostiga oldi.
“Bunaqa xato, g‘aliz, soxta ifodalar, qovushmagan iboralar urchib boryapti. Holbuki, axborotning tili va uslubi qancha lo‘nda, o‘zbekona bo‘lsa, undagi fikr va g‘oyalar ham odamga shuncha oson singadi”, - ta'kidladi Isomiddinov.

Shuningdek, u davlat tilini mensimaganlarni javobgarlikka tortish lozimligini aytib o‘tdi: “Men shunday o‘ylayman: “davlat tilini mensimaslik” deb topilgan har bir hodisaga, kodeksda belgilanganidek, eng kam oylik ish haqining 1-2 baravarigacha jarima solinsa bormi, xazinalar to‘lib ketar edi. Keyin esa davlat tilini mensimaydigan odam topilmay ham qolardi. Loaqal shu jarima ham solinmayapti-da!”.
“Ona tilimiz davlat tili maqomiga erishganiga chorak asrdan oshdi. Eng asl, chin o‘zbekcha ifodalarni izlab topishimiz kerak. Ularni endi qo‘llamasak, qachon qo‘llaymiz?”, - xulosa qildi adabiyotshunos.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish