12:13 / 04.11.2015
4290

Elyor Hoshimov davlat filmlari bilan xususiy kinostudiyalar mahsuloti o‘rtasidagi farqni aytdi

O‘zbekistonlik rejissyor Elyor Hoshimov “Darakchi” gazetasiga bergan intervyusida davlat buyurtmasiga asosan olinayotgan kartinalar bilan xususiy filmlarni nimalar farqlab turishini aytdi.

Eslatib o‘tamiz, yaqinda, 22 oktabr kuni Alisher Navoiy nomidagi kino saroyida rejissyorning “Balli, Kamoliddin!” badiiy filmi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. “O‘zbekkino” milliy agentligi buyurtmasiga asosan tushirilgan bu film Hoshimov ishlagan birinchi davlat filmi bo‘ldi: shu paytgacha u xususiy filmlari bilan mashhur edi.

“Ikkalasining (ya'ni davlat filmlari va xususiy filmlar) orasida yer bilan osmoncha farq bor ekan. Davlat filmini suratga olishdagi shart-sharoitlar havas qilarlik darajada. Masalan, xususiy kinostudiyada ishlaganda rassom, dekator, professional pardozchi va albatta katta byudjyetsiz ishlaymiz. Davlat kinostudiyasida esa bu qulayliklarning bari mujassam. Natijada hamm o‘z ishi bilan band bo‘ladi. Xususiy kinodagidek rejissyor film direktoriga aylanib qolmaydi”, - dedi u.

Jurnalistning “shu vaqtga qadar suratga olgan beshta xususiy filmingizni birgina “Balli, Kamoliddin!” kinokartinasi tosh bosibdi-da?”, degan savoliga javoban rejissyor “To‘ppa-to‘g‘ri!”, deb javob berdi.

“Xususiy filmlarim pog‘ona vazifasini o‘tadi, - tan oldi kinochi. – Ba'zi ustoz rejissyorlar “yosh rejissyorlar aynigan...” kabi tanqidiy fikrlarni bildirishadi. Lekin ular ham yoshbo‘lgan-ku! Ulardan avvalga rejissyor ham yoshlarga yo‘l bergan”.

Top