11:33 / 04.11.2015
2543

Misr prezidenti A321 havo laynerining jangarilar tomonidan urib tushirilishi bilan bog‘liq taxminning asossiz ekanligini aytdi

Buyuk Britaniyaning Daily Telegraph nashriga bergan intervyusida Abdel Fattah as-Sisi Rossiyaning Metrojet Flight aviakompaniyasiga qarashli A321 samolyotining jangari guruhlar tomonidan uchirilgan raketa bilan urib tushirilishi yoki o‘rnatilgan bomba orqali portlatib yuborilgani to‘g‘risidagi taxminlarning asossizligini aytgan.

31 oktabr tongida Misrning Sinay yarimorolida halokatga uchragan Rossiyaning Metrojet Flight 9268 havo layneri halokati bilan bog‘liq gap-so‘zlarni tanqid ostiga olar ekan, Misr prezidenti bu ma'lumotlarni haqiqatga zid va bemavrid tarqatilgan soxta xabarlar deb aytgan.
31 oktabr, shanba tongida Qizil dengiz sohillarida joylashgan, Misrning kurort shahri hisoblangan Sharm-el-Sheyxdan Rossiyaning Sankt-Peterburg shahriga uchish uchun havoga ko‘tarilgan.

Misrlik rasmiylarning ma'lumotiga ko‘ra, parvozning 23 daqiqasida samolyot radar tizimidan g‘oyib bo‘lgan. Ungacha esa layner bortida falokatga oid biror holat aniqlanmagan. Samolyot Misrning Isroil bilan chegarasi yaqinidagi El-Kantala va El-Laksima tog‘lari o‘rtasida qulagani ma'lum qilingan
Aviahalokat oqibatida kema bortidagi 224 kishi, jumladan 217 nafar passajir, 7 nafar ekipaj a'zolari halok bo‘lgan. Ularning 209 nafari Rossiya, 4 nafari Ukraina, 1 nafari Belorussiya fuqarolari bo‘lishgan.

Uch nafar yo‘lovchining fuqaroligi esa noma'lum. Rossiya Migratsiya xizmatining ma'lumot tarqatishicha, halok bo‘lgan rossiyaliklar mamlakatning 13 ta hududidan bo‘lishgan.
Airbus kompaniyasining bergan ma'lumotlariga ko‘ra, A321-200 samolyoti 1997 yilda ishlab chiqarilgan bo‘lib, 2012 yilda Metrojet brendi ostida faoliyat ko‘rsatuvchi “Kogalymavia” kompaniyasi tasarrufiga o‘tgan. Ushbu havo kemasida 21 mingga yaqin parvoz reysi, jami 56 ming parvoz soati amalga oshirilgan.

Top