Jahon | 19:37 / 04.11.2015
3809
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoy Afg‘oniston poytaxtida 10 ming kvartira qurilishini moliyalashtiradi

Xitoy Afg‘oniston poytaxti Kobulda 10 mingta arzon kvartiraga mo‘ljallangan turar-joy binolari qurilishini moliyalashtiradi, deb xabar berdi rasmiy manbalarga iqtibos keltirgan holda afghanistan.ru nashri.

Ushbu loyiha bo‘yicha tegishli memorandum yaqinda Kobulda bo‘lib o‘tgan Afg‘oniston-Xitoy muzokaralari natijalariga ko‘ra boshqa hujjatlar bilan birga imzolandi.

Afg‘oniston shahar rivojlanishi vazirligi ma'lumotlariga ko‘ra, bu Sobiq ittifoq Afg‘onistonda amalga oshirgan shunga o‘xshash tashabbusidan keyin ko‘lami bo‘yicha ikkinchi raqamli uy-joy qurilishi loyihasi bo‘ladi.

Xitoy qurilish dasturi yakunlangandan keyin o‘z uyiga ega bo‘lmagan ko‘plab davlat xizmatchilari va yosh oilalar imtiyozli shartlarda kreditga kvartiralar sotib olish imkoniyatiga ega bo‘ladilar, deb aytdi vazir Said Saodat Mansur Nodiriy.

Ayni paytda shaharlarga ko‘chib o‘tayotgan yuz minglab afg‘on oilalari o‘zlariga uy sotib olishga moddiy imkoniyatlari bo‘lmagani sababli ijaraga uy olishga majbur bo‘lmoqdalar. Ushbu qurilish loyihasining amalga oshirilishi mamlakatdagi uy-joy bozoridagi vaziyatni yaxshilashga imkon beradi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish