17:47 / 05.11.2015
2727

Britaniya ortidan Niderlandiya ham Sharm-ash-Shayxga parvozlarni bekor qildi

Niderlandlar Sharm-ash-Shayxga belgilangan parvozlarni to‘xtatdi, deya e'lon qildi Gollandiya Xavfsizlik va adliya vazirligi vakili. Bu haqda The Wall Street Journal xabar bermoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur qaror Rossiyaning «Kogalimavia» aviakompaniyasining AIrbus A321 yo‘lovchi layneri ushbu hududda halokatga uchragani, shuningdek, britan hukumatining Sharm-ash-Shayx shahriga parvozlarni bekor qilish to‘g‘risidagi tavsiyasidan so‘ng qabul qilindi.
Bekor qilish to‘g‘risidagi qaror eng kamida 8 noyabrga qadar amalda bo‘ladi, dedi golland hukumati vakili.

4 noyabr kuni Britaniya bosh vaziri ma'muriyati Rossiyaning A321 samolyoti havo kemasi bortiga o‘rnatilgan portlovchi uskunaning harakatga kelishi oqibatida halokatga uchragani to‘g‘risidagi taxmin inkor etilmayotgani haqida ma'lum qilgan edi.

Shu munosabat bilan britan hukumati Sharm-ash-Shayx aeroportidagi Britaniya punktlaridan barcha parvozlarni to‘xtatish to‘g‘risida qaror qabul qildi, shuningdek, o‘z fuqarolarini zarurat tug‘ilmagan taqdirda, Sinay ustidan uchib o‘tmaslikka chaqirdi.
Avvalroq esa Misr Fuqaro aviatsiyasi vaziri Sinay yarimoroli osmonida A321 samolyoti halokatiga sabab bo‘lgan dalillar hamon topilmaganini xabar qilgan edi.

Eslatib o‘tamiz, 2015 yilning 31 oktabr kuni Rossiyaning "Kogalimavia" aviakompaniyasiga tegishli Airbus-321 layneri parvozga ko‘tarilgandan 23 daqiqa o‘tib radarlar ekranidan yo‘qolgan edi. Mazkur samolyot bortidagi 217 nafar yo‘lovchi va yetti nafar ekipaj a'zosining barchasi halok bo‘lgan.

Top