Jahon | 16:53 / 05.11.2015
4233
2 daqiqa o‘qiladi

OAV: Suriyalik ekstremistlar germaniyalik homilador jurnalistni asirda tutib turishibdi

“Jabhat an Nusra” terrorchilik guruhi jangarilari germaniyalik homilador jurnalistni asirda tutib turishibdi va uning evaziga Germaniya hukumatidan yirik summali pul talab etishmoqda. Bu haqda Al Arabiya kanali xabar bergan.

Kanalning ma'lumotlariga ko‘ra, ismi va qaysi OAV vakili ekanligi sir tutilayotgan jurnalist ayol bir oy muqaddam Turkiya orqali Suriyaga o‘tadi. Oradan taxminan o‘n kun o‘tib esa, “Jabhat an Nusra” ekstremistlarining qo‘liga tushadi. Ayni damda uni Suriyaning Idlib shahri yaqinidagi shaharchada ushlab turishibdi.

Terrorchilar Germaniya hukumati e'tiborini “uning ozodligi evaziga 6 mln. yevro” to‘lash sharti bilan o‘zlariga qaratishdi. Ammo terrorchilar qo‘ygan shart jurnalistning homilador ekanligi ayon bo‘lgach, ikki hissaga ko‘paydi. Endi terrorchilar “Germaniyaning ikki fuqarosi uchun” pul talab qilishmoqda.

Germaniyalik jurnalistni ozod etish bo‘yicha muzokaralar xususida axborot berilmagan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish