Jahon | 11:07 / 05.11.2015
6766
1 daqiqa o‘qiladi

OAV: Venada Suriya bo‘yicha muzokaralar Saudiya va Eron vakillarining tortishuvi tufayli to‘xtab qolay dedi

Venada o‘tgan hafta bo‘lib o‘tgan Suriya bo‘yicha muzokaralar Eron va Saudiya Arabistoni vakillari o‘rtasidagi tortishuv tufayli to‘xtatib qo‘yilishi mumkin edi. Bu haqda Bloomberg agentligi xabar bermoqda.

Diplomatik manbalardan ma'lum bo‘lishicha, Eron va Saudiya Arabistoni vakillari bir-birini keskin tanqid qilgan, jumladan, Eron saudiyaliklarni terrorchilikda ayblagan. Shu tufayli ayrimlar muzokaralarni uzib qo‘yish fikriga kela boshlagan.

Eron va Saudiya tashqi ishlar vazirlari Javod Zarif va Abdulloh al-Jubayr 11 sentabr masalasida keskin bahs olib borishgan, negaki ushbu teraktni uyushtirishda Zarif saudiyalik fuqarolarni ayblagan. Bu ayblovlar barcha ishtirokchilar, jumladan, AQSh davlat kotibi Jon Kerrini ham hayratga solgan.

Muzokaralardan so‘ng matbuot bilan muloqot qilgan Eron vakili bu teraktlarda Saudiya Arabistoni hukumatini emas, ayrim fuqarolarinigina ayblaganini ta'kidlab o‘tgan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish